FIFA prezidenti Eron terma jamoasining o‘yinlarini ko‘chirish masalasiga munosabat bildirdi
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino 2026-yilgi jahon chempionatida Eron terma jamoasi ishtirokidagi o‘yinlarni AQSHdan Meksikaga ko‘chirilishi mumkinligi haqidagi xabarlarga izoh berdi.
"FIFA jahon chempionatida ishtirok etayotgan barcha jamoalar halol o‘yin va o‘zaro hurmat ruhida musobaqalashishiga umid qiladi. Bizda tasdiqlangan taqvim bor. Tez orada ishtirokchi 48 ta jamoaning barchasi aniq bo‘ladi va biz futbol bo‘yicha jahon chempionati belgilangan reja asosida o‘tishini istaymiz", — dedi Infantino.
Eslatib o‘tamiz, Eron terma jamoasi Osiyo mintaqasidan saralashdan o‘tib, "G" guruhidan joy olgan. Ushbu guruhda shuningdek Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya jamoalari bor. Rejaga ko‘ra, Eron Yangi Zelandiya va Belgiya bilan Los-Anjelesda, so‘ngra Misr bilan Sietlda o‘ynashi kerak.