FIFA Emboloning chetlatilishi yuzasidan bayonot berdi
Avvalroq IFAB futbolchini maydondan chetlatish qarorini xato deb topgan edi.
FIFA Shveytsariya terma jamoasi hujumchisi Brel Emboloning 2026-yilgi jahon chempionati chorak finalida Argentina (1:3, qo‘shimcha vaqtda)ga qarshi uchrashuvda qizil kartochka olgani yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Eslatib o‘tamiz, Embolo ikkinchi bo‘limda simulyatsiya uchun ikkinchi sariq kartochkani olib, maydondan chetlatilgandi.
Avvalroq IFAB futbolchini maydondan chetlatish qarorini xato deb topgan edi. Tashkilot sirkulyarida qayd etilishicha, ikkinchi ogohlantirish berilgan vaziyatlarda VAR faqat qoida buzgan futbolchini aniqlash vakolatiga ega. Qoidabuzarlikning o‘zini qayta ko‘rib chiqish esa amaldagi protokolda nazarda tutilmagan.
Shunga javoban FIFA rasmiy saytida o‘z pozitsiyasini e’lon qildi.
«FIFA qoidabuzarni noto‘g‘ri aniqlash atamasiga bergan talqinini butun jahon chempionati davomida izchil qo‘lladi. Turnirda ikki marta futbolchi raqibning simulyatsiyasi oqibatida asossiz ravishda sariq kartochka olgan deb topildi va VAR hakamga ushbu xatoni tuzatishni tavsiya qildi.
Simulyatsiyaning o‘zi shubha ostiga olinmagan va u raqib futbolchining intizomiy jazolanishiga olib kelmasligi kerak. Aks holda, bu ikkinchi sariq kartochka yoki ogohlantirishlar soni tufayli diskvalifikatsiya kabi qo‘shimcha oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Biz buni hakam yoki VARning xatosi deb hisoblamaymiz. Qabul qilingan qarorlar adolatni tikladi. IFABning izohlarini inobatga oldik. Biz kengash bilan doimiy aloqada bo‘ldik va IFAB bunday talqin mumkinligini, u ijobiy baholanganini hamda VAR protokoliga kiritilishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar muhokamasining bir qismi bo‘lishini tasdiqladi», — deyiladi FIFA bayonotida.
Mazkur vaziyat uchrashuvning 70-daqiqasida yuz bergan. Embolo argentinalik yarim himoyachi Leandro Paredes bilan to‘qnashuvdan so‘ng yiqilgan. Bosh hakam Joau Pinheyru dastlab Paredesga sariq kartochka ko‘rsatgan, biroq VAR tavsiyasidan keyin qarorini o‘zgartirib, Embologa ikkinchi sariq kartochkani taqdim etgan edi.