Fidoyi dehqonga “Do‘stlik” ordeni topshirildi
Termiz shahridagi Yoshlar markazida Termiz tumanidagi Qahramon mahallasida yashaydigan tajribali dehqon Boboyor Xolboyevga “Do‘stlik” ordenini topshirish va ilg‘or sektorlar rahbarlarini rag‘batlantirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Sektorlar rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, faollar nuroniylar va yoshlar ishtirok etgan tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar yurtimiz obodligi va xalqimiz farovonligini ta’minlashda yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi. Bunday ulug‘vor ishga munosib hissa qo‘shayotgan insonlar mehnati munosib rag‘batlantirilayotgani qayd etildi.


–O‘tgan yil viloyatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida katta o‘zgarishlar yuz berdi,¬dedi viloyat rahbari.¬ –Bu jarayonda sektorlar rahbarlarining alohida xizmati bor. Endilikda mehnat qilgan oddiy inson ham, rahbar ham yurt taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi e’tiborga olinib, rag‘batlantirilmoqda. Prezidentimizning farmoni bilan kuni-kecha Termiz tumanidagi Qahramon mahallasida yashaydigan tadbirkor-dehqon Boboyor Xolboyev davlatimizning yuksak mukofoti¬ “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangani ham bunga yaqqol dalildir. Sektorlar rahbarlarining ish samaradorligi esa KPI tizimi orqali aniqlanib, xizmatlari munosib taqdirlanmoqda.


Joriy yilda 63 yoshni qarshi olayotgan tajribali dehqon Boboyor Xolboyev 33 sotix issiqxonada bir million tup pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, baqlajon, qovun-tarvuz, 20 turdagi turli gul ko‘chatlarini parvarishlab, fermer va dehqon xo‘jaliklariga yetkazib bermoqda. Issiqxonada 12 nafar mahalladoshini doimiy ish bilan ta’minlagan. Ularning o‘n nafari xotin-qizlardir. Issiqxona barpo etayotgan mahalladoshlariga ham qishin-yozin mahsulot parvarishlashning sir-asrorlarini qunt bilan o‘rgatmoqda.



Tadbirda fidoyi dehqon Boboyor Xolboyevga “Do‘stlik” ordeni tantanali topshirildi. Shuningdek, o‘tgan yil yakunlari bilan sektor rahbarlarining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari KPI reytingi natijalariga ko‘ra, “Eng tashabbuskor tuman sektor rahbarlari” nominatsiyasida birinchi o‘rinni egallagan Qumqo‘rg‘on tumanidagi 2-sektor rahbari Sharofiddin Akramov, ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Oltinsoy tumanidagi 4-sektor rahbari Ravshan Boymirzayev va uchinchi o‘rin sohibi Qiziriq tumani 1-sektor rahbari Sherzod Rajabov hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga salmoqli hissa qo‘shgan mutasaddilar viloyat hokimligining faxriy yorliqlari, sertifikat va sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri