Festival taomlari dala maydonlariga yetkazib berildi
Buxoro viloyati Romitan tumanida 15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan “Mohir pazanda” festivali bo‘lib o‘tdi.
Festivalda tuman mahallalaridagi xotin-qizlar, pazandalar, novvoy, uy bekalari o‘zlari tayyorlagan mahsulotlari bilan qatnashdi.

–Qadimdan momolarimiz yo‘qdan bor qilib, shunday xushxo‘r, lazzatli taomlar tayyorlashganki, ular ta’mi, tabiiyligi, darmonbopligi bilan ajralib turgan, – deydi Safiya Rajabova. – Go‘ja, halim, moshxo‘rda, atala, o‘moch, chalma, g‘ilmon singari taomlar, tut mayiz, anjirqoqi, qovun qoqi, shinni, chordori kabi quritmalar yildan yilga unutilib bormoqda. bugungi tadbirda tuxumbarak, ko‘k somsalar pishirib keldim. Tumanning “Tarnaut” mahallasidan kelganlar oddiy molning kalla va pochasidan o‘n xildan ortiq taom pishirgan bo‘lsa, “Romitan” mahallasidagi qishloq ayollari 19 turdagi taomlarni did bilan, xushxo‘r qilib tayyorlashgan. “Azizon” mahallasi vakilasi katta laganda pishirgan milliy taomimiz palov o‘zgacha tayyorlangan.

Qozoq millatiga mansub “Gazli”, “Baynalminal”, “Qizilravot” mahallasidagi Qotiyat Bo‘ribayeva, Zapura Qodirmetova, Elmira Abilovalarning beshbarmoqlariga gap yo‘q. Faqat taomlar emas, tayyorlangan pishiriq, non, kulcha, patirlar ham o‘ziga xos.

Xullas kelganlarning har bir pishirig‘ida bir san’at mujassam. Mohir pazandalarni viloyat oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Feruza Ibragimova, tuman hokimi Umidjon Barnoyev tabrikladi. G‘oliblarga sovg‘alar topshirildi. Tuman madaniyat bo‘limi xonanda, sozandalari tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlar hammani raqsga chorladi.

Bundan tashqari, tuman rahbari Umidjon Barnoyev tashabbusi bilan festival ishtirokchilari Samarqand shahriga bepul sayohatga boradigan bo‘ldi. Shuningdek, festivalda mohir pazandalar tomonidan tayyorlangan milliy taomlar va pishiriq, non, kulcha, patirlarning barchasi paxta yig‘im-terimiga o‘z hissasini qo‘shayotgan terimchilarga dala maydonlariga yetkazib berildi.
Zarif Komilov,
O‘zA