Fermerlar ham bugungi kun qahramonlari
Qishloqda tong erta otadi.
Qishloqda tong erta otadi. Xoʻroz qichqirishi bilan atrof gʻira-shiraligiga qaramasdan Bahodir aka dalada boʻladi, gʻallazorni koʻzdan kechiradi.
Miroblar gʻallaga suvni oʻz vaqtida qoʻydimi? Gʻalla turli kasalliklarga chalinmadimi? Tunni tongga ulab mehnat qilayotgan ishchilarning roʻzgʻorida kami yoʻqmi?.. Gʻallaorol tumani “Tashabbuskor” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi rahbari Bahodir Turonov shularni xayolidan oʻtkazib, ishchilaridan bugungi karantin sharoitida roʻzgʻoridagi ahvol haqida soʻraydi.
Ishchilarning baʼzilari uyida uni kam qolgani, yana baʼzilari oziq-ovqat olish uchun biroz pulga ehtiyoji borligini aytadi. Fermer ularning muammolarini tinglab, bugʻdoy, sut va sut mahsulotlari, baʼzilariga goʻsht, kartoshka tarqatadi. Shu bilan ishchilarning kayfiyati koʻtariladi. Buni ish unumdorligi oshganidan sezaman, – deydi fermer. Bahodir akaning aytishicha, rahbar ishchilarni tinglasa, muammolarini oʻrganib, imkon qadar yechimini topsagina ishida unum va baraka boʻladi.
Ishchilari bilan yana yaqin kunlarda gʻalla hosilini yigʻish, oʻrim-yigʻim mavsumi oldidan barcha texnik vositalarni shay holatga keltirishni maslahatlashadi. Aslida, bu borada muammo yoʻq. Chunki xoʻjalikning 10 ta gʻalla oʻrish kombayni soz holatda ekani bilan bir qatorda, zarur ehtiyot qismlar zaxirasi ham yaratilgan.
Bahodir aka joriy mavsumdan moʻl hosil olishni rejalashtirmoqda. 200 gektardan ortiq maydonda parvarishlanayotgan gʻalladan koʻngli toʻq. Gʻalladan boʻshagan yerga kartoshka, sabzi, mosh, sholgʻom, turp ekishni moʻljallayapti.
– Xalqimiz boshiga tushgan sinovli kunlarni albatta, yengamiz. Agar har birimiz oʻz ishimizni sidqidildan bajarsak, oziq-ovqat boʻyicha hech qanday muammo boʻlmaydi. Ayniqsa, yurtimizda un, nonga boʻlgan taqchillik boʻlmaydi, – deydi fermer.
Bahodir aka ishchilarga gʻalla parvarishida ilgʻor tajribalarni qoʻllash, har bir agrotexnik tadbirni oʻz vaqtida va sifatli bajarish moʻl hosil toʻplashda asosiy omillardan biri ekani, ayniqsa, hosilga hosil qoʻshiladigan shu kunlarda ekinni alohida eʼtibor va masʼuliyat bilan parvarishlash lozimligini eslatadi.
– Bu yilgi koʻklam seryogʻin boʻlib, salqin keldi, – deydi fermer. Bu gʻalla va boshqa ekinlar rivojini sustlashtirdi. Ammo, uzoq yillik tajribam oʻzini oqladi. Fermerlik menga ota meros kasb. Bolaligim otam bilan shu dalalarda oʻtdi. Otamdan bu sohaning sir-asrorlarini oʻrgandim. Shu boisdan ob-havoning injiqliklaridan zarracha choʻchimadim. Zarur agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida, obi-tobida bajarganimiz bugun oʻz natijasini koʻrsatdi. Endigi vazifa – gʻallani zang kasalidan saqlash. Yilning seryogʻin va havo harorati har yilgiga nisbatan salqin kelishi gʻallazorlarga oʻz taʼsirini qoʻrsatib, kasallik va zararkunandalar rivojlanishiga sharoit yaratmoqda. Kasalliklardan asosan un-shudring, septorioz, sariq va qoʻngʻir zang kasalliklari gʻallaga juda katta zarar keltiradi. Agar bugʻdoy boshoqchalari kasallansa, don toʻlmasdan puch boʻlib, hosildorlikka sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Yuqoridagilarni inobatga olib, agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirilishi moʻl hosil garovi boʻlib xizmat qiladi.
Fermer yaylovda boqilayotgan chorva mollarini koʻzdan kechiradi. Xoʻjaligida yuzga yaqin qoramol, 700 ga yaqin koʻy-echki boqilyapti. Bu yil chorva uchun barakali keldi. Chorvaning koʻpi egiz tugʻdi. Fermer xoʻjaligi tomonidan har yili xalqimiz dasturxoniga 15-16 tonnagacha goʻsht, 5-6 tonna sut va sut mahsulotlari yetkazib beriladi. Fermerning aytishicha, sigirlarning suti, ayniqsa, sut yogʻini oshirishda yemning foydasi katta ekan. Ozuqani norma asosida berib borishga eʼtibor kuchaytirilsa, sigirlar sersut boʻladi. Shu boisdan sogʻin sigirlarga koʻp yem berilar ekan.
– Sogʻin sigirlar ratsionida oqsilga boy ozuqa koʻproq boʻlishi muhim, – deydi Bahodir Turonov. – Bu tajribada isbotlangan. Sogʻin sigirlarga qancha koʻp xilma-xil yem-xashak berilsa, ularning suti koʻpayadi. Fermada sogʻin sigirlar ratsioni sogʻib olinayotgan sut tarkibidagi oqsil va yogʻ miqdori oz-koʻpligiga qarab boyitib boriladi. Xoʻjaligimizda sogʻin sigirlar uchun alohida lavlagi ekiladi. Chunki lavlagi sut bilan bir qatorda sut tarkibidagi yogʻ, oqsil, qand va boshqa moddalar koʻpayishiga zamin yaratadi.
Aytgancha, fermerning saxiyligidan qishloqdoshlari mamnun. Misol uchun, fermer muqaddas Ramazon oyida mahallasidagi bir guruh kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga qoʻlidan kelgancha yordam berdi. Sirdaryo viloyatining Sardoba suv ombori toshqinidan jabrlangan oilalarga shakar, guruch, goʻsht, kartoshka, piyoz va makarondan iborat oziq-ovqat, shuningdek, bolalar uchun kiyim-kechak, koʻrpa-toʻshak olib borib berdi.
Bugungi kun qahramonlari safiga shifokorlar, saxovatpesha insonlar, huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan bir qatorda ana shunday fermerlarni qoʻshgan boʻlardim. Chunki ular bahorning injiq, ayni paytdagi jaziramaga parvo qilmay, qadoq qoʻllari bilan tonglarni tunlarga ulab mehnat qilmoqda.