Fermerga yer maydoni qaytarib berildi
Mamlakatimizda fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloqda aholi bandligi va farovonligini oshirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus tumanidagi Xalq qabulxonasi tomonidan tumandagi “Reymbergen bereket” fermer xoʻjaligi ish yurituvchisi Rahima Reymovaning 2014-yildan buyon yuritib kelgan 19,2 gektar yer maydoni olib qoʻyilganligidan norozi boʻlib yozgan murojaati ijobiy hal etildi.
Mamlakatimizda fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloqda aholi bandligi va farovonligini oshirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo, joylarda fermer xoʻjaliklari faoliyatiga noqonuniy aralashish, ulardan yer maydonini olib qoʻyish kabi salbiy holatlarning uchrayotgani bugun hech kimga sir emas.
– Fermer xoʻjaligimiz 2014-yilda tashkil etilgan boʻlib, Nukus shahar aholisini arzon narxlarda sabzavot va poliz mahsulotlari bilan taʼminlab kelyapmiz, – deydi murojaat egasi Rahima Reymova. – 2018-yilning oxirida tuman hokimligidan bir guruh mutaxassislar kelib, fermer xoʻjaliklari maqbullashtirilmoqda, shuning uchun sizning yer maydoningiz boshqa fermer xoʻjaligiga qoʻshib beriladi dedi.
Biz foydalanib kelayotgan yerimizdan ayrilib qolmaslik maqsadida yaqin qarindoshimiz rahbarlik qiladigan “Reyim Pren” fermer xoʻjaligiga qoʻshib berishini iltimos qildik. Mutaxassislar buning uchun bizdan yer maydonimizni tuman zaxira yer fondi hisobiga qaytarish boʻyicha ariza yozib berasiz, keyin “Reyim Pren” fermer xoʻjaligiga qoʻshilasiz deb, ariza yozdirib oldi.
Mana shundan boshlab yugura-yugur boshlandi. Deyarli bir yarim yil turli idoralarga borib, ovora-yu-sarson boʻldik. Keyin bilishimizcha, bizga tegishli yer maydoni tuman hokimining xizmat avtomashinasi haydovchisi nomidagi “Xoʻja” fermer xoʻjaligiga, keyin “Toʻmaris universal servis” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga berilgani maʼlum boʻldi. Biz turli idoralarga murojaat qildik. Shundan soʻng mazkur yer maydoni tuman zaxira fondi hisobiga qaytarilgan.
Eng soʻngi umidimiz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus tumanidagi Xalq qabulxonasiga murojaat etdik. Ushbu murojaatimiz tumanga tayinlangan yangi hokim va tuman prokurori tomonidan har tomonlama oʻrganib chiqildi. Natijada ijobiy hal etilib, tuman hokimining joriy yil 16-iyuldagi qarori bilan fermer xoʻjaligimiz qayta tiklandi va olib qoʻyilgan 19,2 gektar yer maydoni qaytarib berildi.
–Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan joylarda tashkil etilgan Xalq qabulxonalari fermerlar, tadbirkorlar va aholining haqiqiy tayanchiga aylanmoqda,–deydi fermer xoʻjaligi rahbari Yesnazar Reymov. – Bunday gʻamxoʻrlik uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildiramiz. Yerlarimiz qaytarib berilib, fermer xoʻjaligimiz qayta tiklangani tufayli oila aʼzolarimiz katta xursandchilik bilan mehnat qilmoqda.
Kelajakda yurtimiz ravnaqi, aholi farovonligiga oʻz hissamizni qoʻshgan holda, sabzavot va poliz mahsulotlarini yetishtirishdan tashqari, chorvachilik, baliqchilikni, ekoturizmni ham yoʻlga qoʻymoqchimiz. Buning uchun imkoniyatimiz yetarli.