Fermer xarajatga emas, natijaga qarashi kerak
Mamlakatimizda paxta hosilini yuqori va sifatli olish uchun agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston paxtachiligida fan, ilmiy yondashuv va innovatsiyaga asoslangan yangi texnologik davr boshlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil respublika bo‘yicha 889,5 ming gektar maydonda paxta parvarishlanmoqda. Shundan 305,2 ming gektari Shinjon agrotexnologiyasi asosida yetishtirilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘zbekiston Fermerlari Kengashining joriy yil 15-iyuldagi qo‘shma murojaatida 1-avgustdan boshlab g‘o‘zaning holatidan kelib chiqib, Etefon qo‘llash tavsiya etilgan edi.
Xo‘sh, bundan qanday maqsad ko‘zlangan?
Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu g‘o‘zaning fiziologik pishish jarayonini jadallashtiradi, ortiqcha o‘sishni to‘xtatib, shakllangan ko‘saklarni to‘liq yetiltirib, hosilni oshiradi. Raqamlar bilan yondashadigan bo‘lsak, hozirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, Etefon preparatining 1 litri o‘rtacha 130–140 ming so‘m atrofida. Bir gektar paxta maydonida Etefonni qo‘llashning birinchi bosqichi uchun hisoblangan xarajat 332 ming so‘mni tashkil etadi.
Yana bir savol: bu summani saflash orqali fermer nimaga erishadi?
Tahlillarga ko‘ra, 76×10 qo‘shqator usulida ekilgan 1 gektar maydonda o‘rtacha 220 ming tup g‘o‘za shakllangan bo‘lsa, har bir tupda o‘rtacha 9 tadan, ya’ni 8–10 ta atrofida bo‘liq ko‘sak mavjud bo‘lganda, dalada qariyb: 1 million 980 ming dona — 2 millionga yaqin bo‘liq ko‘sak shakllanadi.
G‘o‘za ko‘p yillik o‘simlik bo‘lgani bois, mavsum oxirida ham yangi barglar chiqarib, o‘sishga intiladi. Agar u o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, poya va ildizdagi ozuqa moddalar havoga sovuriladi. Daladagi o‘sha asosiy bo‘liq ko‘saklar ichidagi tola va chigit puch va yengil bo‘lib qoladi. Etefon sepilmagan dalada bitta ko‘sakdagi paxta vazni 3 gramm atrofida aylanib, hosildorlik 59,4 sentnerni tashkil etadi va uning ham salmoqli qismi kuzgi sovuqda ochilmay nobud bo‘ladi.
Etefon o‘simlikka sun’iy ravishda “Qarish signali” beradi va behuda o‘sishni to‘xtatadi. Bor oziqaviy “meros” to‘g‘ridan-to‘g‘ri daladagi 1 million 980 ming dona bo‘liq ko‘sakni to‘ldirishga majbur qilinadi. Natijada chigit to‘lishib, tola pishadi va bitta ko‘sakdagi paxta vazni kamida 4 grammdan oshadi.
Mana shu vazn farqi (3 grammdan 4 grammga yetishi) hisobiga gektariga hosildorlik 79,2 sentnerga chiqadi. Ya’ni fermer faqat vazn farqi hisobiga gektaridan kamida 19,8 sentner (1 980 kg) qo‘shimcha toza hosilni naqd qiladi. Shu birgina omildan fermer cho‘ntagiga 15 840 000 so‘m (1 980 kg. × 8 000 so‘m).
Eskicha usulda teriladigan bo‘lsa, paxta bo‘lib-bo‘lib, ochiladi. 2-3-marta qayta-qayta terishga to‘g‘ri keladi. Bu ortiqcha transport, tashkiliy xarajat va vaqtni boy berishdir, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.
Etefon qo‘llanilganda esa ko‘saklarning 90-95 foizi bir vaqtda lo‘ppi bo‘lib ochiladi. Fermer dalaga bor ishchi kuchini yoki kombaynni atigi bir marta kiritadi va yalpi hosilni birdaniga yig‘ib oladi. Bu qayta-qayta terim tashkil qilish xarajatlarini qisqartiradi. Kombaynlarning ish unumdorligi 20-25 foizga oshadi.
Hosilni kechiktirishning yana bir iqtisodiy xavfi bor. Erta va bir maromda pishgan paxta kuzgi yomg‘ir, namgarchilik; loy, sovuq kabi omillarga kamroq duch keladi. Natijada paxtani sifatli holda yig‘ish imkoniyati ortadi.
Hisob-kitoblarda yuqori sifatli, 1-sort paxta uchun olinadigan qo‘shimcha qiymat: 500 000 so‘m/gektar deb belgilangan. Aksincha, terimni noyabrgacha cho‘zish paxtaning namlanishi va ifloslanishi xavfini oshiradi. Bu esa sifat va narxga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Darhaqiqat, paxtachilikda iqtisodiy samara faqat paxtaning o‘zi bilan tugamaydi. Paxta o‘z vaqtida yig‘ishtirib olinsa, yer tezroq bo‘shaydi. Bu esa, kuzgi bug‘doyni optimal agrotexnik muddatda ekish imkonini beradi. Shu ma’noda Qishloq xo‘jaligi vazirligi masalaga ilmiy jihat va aniq iqtisodiy hisob-kitoblar asosida yondashish lozimligini ta’kidlaydi.
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA