Fermer va pillakorlar referendumda faol ishtirok etadi
Andijon shahridagi “Jome” me’moriy majmuasi maydonida “Andijon agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashabbusi bilan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasi hamda joriy yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendum targ‘ibotiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
“Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya o‘zimizniki” shiori ostida bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyatda faoliyat olib borayotgan fermer xo‘jaliklari vakillari, pillakorlar ishtirok etdi. Tadbirda mamlakatimiz yangilanayotgan Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati, uning jamiyat ravnaqi, fuqarolarimiz huquq va manfaatlari himoyasini mustahkamlash borasidagi o‘rni, roli va ahamiyati, shuningdek, joriy yilning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan umumxalq referendumi xususida so‘z yuritildi.
Tadbirda yangilanayotgan Konstitutsiyamizda qator yo‘nalishlarda, xususan, har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega ekanligi, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanishi haqidagi modda va normalar yuzasidan ishtirokchilarga ma’lumotlar berildi.
[gallery-11582]
– Yangilanayotgan Konstitutsiyamizning 43-moddasida “Davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘radi”, degan jumla bayon etilgan, – deydi “Andijon agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Jamshidbek Hamidov. – Qonun loyihasining 65-moddasida esa “Fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratadi, iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlashi” qat’iy belgilab qo‘yilgan. Umuman, hujjatda aholi barcha qatlamining haq-huquqlari himoyasini ta’minlashga qaratilgan qator normalar borki, bu shubhasiz, yurtimizdagi har bir fuqaroni ruhlantiradi.
Tadbirda so‘z olgan fermer va pillakorlar 30 aprel kuni o‘tkaziladigan umumxalq referendumida sohaning barcha xodimlarini faol qatnashishga, yangilanayotgan Konstitutsiyamizni ma’qullab ovoz berishga chaqirdi.
Tadbir davomida taniqli san’atkorlar tomonidan ijro etilgan sho‘x kuy va qo‘shiqlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA