Fermer va klasterlar faoliyatida qanday muammolar mavjud?
Mamlakatimizda klasterlar faoliyatini rivojlantirish va rag‘batlantirish, ayniqsa, paxta-to‘qimachilik, meva-sabzavotchilik yo‘nalishlarida klasterlar faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanishdagi mas’uliyatini oshirish, mahsulot yetishtiruvchi va uni qayta ishlovchilarning manfaatdorligini ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Bu borada 2022 yilda 134 ta paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyat yuritib, 1 032 ming gektar yer maydonlarida jami 3,5 million tonna paxta xomashyosi yetishtirilgan. G‘allachilik klasterlari soni 38 taga oshib, 195 taga yetgan va ular bilan shartnoma asosida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari tomonidan 928 ming gektar yer maydonida g‘alla parvarishlanib, 6 million 496 ming tonna g‘alla o‘rib-yig‘ib olingan.
Meva-sabzavotchilik klasterlariga biriktirilgan 181,2 ming gektar yer maydonlaridan 1,4 million tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilib, shundan 454,4 ming tonna ichki iste’molga, 630 ming tonna qayta ishlashga hamda qiymati 265 million dollarlik 315,6 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsuloti eskportga yo‘naltirilgan.

Bu haqda parlament quyi palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi hamda Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida qayd etildi. Unda agrar sohada tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari, fermer ho‘jaliklari va klasterlar o‘rtasidagi mavjud muammolar tahlili, dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish borasidagi ishlar holati yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralarning axboroti eshitildi.
Yig‘ilishda deputatlar tomonidan Farg‘ona, Namangan va Toshkent viloyatlarida o‘tkazilgan o‘rganishlarda ayrim muammoli vaziyatlar aniqlangani qayd etildi. Xususan, har bir klasterda o‘rtacha 10-15 foiz paxta va g‘alla maydonlarini qisqartish hisobidan aholiga dehqon xo‘jaliklari uchun ajratilayotgan yer maydonlari bugungi kungacha klasterlar hisobida turganligi, bundan tashqari, 2023 yil uchun klasterlar va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida paxta xomashyosi yetishtirish hamda xarid qilish bo‘yicha fyuchers shartnomasi bir tomonlama klaster manfaatiga mos ravishda ishlab chiqilishi holati kuzatilayotgani kabi masalalar tanqid qilindi.
Shuningdek, deputatlar mahsulotlarni yetishtirish bo‘yicha imtiyozli kreditlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermer xo‘jaliklariga ajratilishi, fermerlar hududdagi istalgan klasterlar bilan shartnoma tuzishdagi to‘siqlarni bartaraf etish zarurligini ta’kidladilar.
M.Komilova,
O‘zA