Feleton faqat haqiqatni aytishda foydali
Jurnalistika janrlari orasida o‘tkir tili, tanqidiy yondashuvi va ijtimoiy adolatsizliklarga qarshi murosasiz pozitsiyasi bilan ajralib turadigan feleton o‘zining yuz yillardan ortiq tarixida ko‘plab ijtimoiy illatlarning fosh etilishiga xizmat qilgan. Bu janr ijtimoiy muammolarni bartaraf etish vositasi sifatida shakllangan bo‘lsa, bugungi kunda ayrimlar undan o‘z manfaatini ko‘zlab “qurol” sifatida ham foydalanayotganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.
O‘zbek feletonlari deganda avvalo, Abdulla Qodiriyning o‘z davriga mos tanqidiy maqolalari ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Keyinchalik ushbu sohada Xudoyberdi To‘xtaboyev ham ancha samarali ish ko‘rsatdi. Feleton nafaqat tariximizdagi, balki hozirgi davrdagi muammolarni ko‘tara olgani bilan ham ahamiyatli. Chunki, hamma ish ham muomala va yumshoq so‘zlar bilan hal bo‘lavermaydi.
Bugungi kunda ham feletonlar orqali kommunal xizmatlar, yo‘l, ta’lim, tibbiyotdagi muammolar yoritilmoqda. Mamlakatimizdagi axborot agentliklari, gazeta-jurnallar, qolaversa, erkin jurnalist va blogerlar maxsus surishtiruv va manbalar asosida joylarda yuz berayotgan muammolar haqida atroflicha fikr bildirishadi.
Biroq, ayrimlar feleton niqobi ostida o‘z g‘arazli maqsadlarini ro‘yobga chiqarishga ham urinmoqda. Masalan, bir tashkilot bilan shaxsiy nizo yuzasidan tanqidiy maqola yozib, uni «surishtiruv» deb atab, aslida esa shaxsiy adovat yoki buyurtmani ilgari surayotgan holatlar kuzatilmoqda. Jurnalistika asosiy tamoyillaridan biri faktlarga tayanish. Ammo ayrim “feleton”lar his-tuyg‘u, taxmin va shaxsiy mulohazalarga tayanmoqda. Bu esa jurnalistikaning obro‘siga putur yetkazishi tabiiy.
Feleton – satira bilan sug‘orilgan, ammo asosli, faktlarga tayanuvchi tanqidiy janr. U ijtimoiy adolatni qaror toptirish, mutasaddilar e’tiborini muammolarga qaratish, aholining og‘riqli masalalarini yoritish uchun xizmat qilishi va shaxsiy adovat vositasiga aylanib qolmasligi kerak. Buyurtmachi tashkilotlar manfaatiga xizmat qilishi va e’tiborni faqat obro‘sizlantirishga qaratishi bu nafaqat kasbiy beparvolik, qolaversa kishi sha’ni va qadr-qimmatiga tajovuz hamdir.
Jurnalistlar, ayniqsa feleton yozuvchilar etik kodeksga rioya etishlari, har bir tanqidni faktlar bilan isbotlashlari, shaxsiyatga tegmasliklari va bir tomonlama pozitsiyada bo‘lmasliklari lozim. Eng muhimi, feleton va jurnalistik surishtiruv janrlaridagi farqni to‘liq anglashimiz kerak. Ko‘p hollarda bu ikki janr aralashtirib yuboriladi. Feleton tanqidiy-hajviy, emotsional tildagi maqola. Jurnalistik surishtiruv esa ob’ektiv va keng qamrovli tekshiruv hisoblanadi. Eng ahamiyatli jihati, yolg‘on va manfaatlar evaziga kishining ishchanlik layoqati va tashkilotlar ustidan firib qilish mumkin emas.
Bugun ko‘plab muammolar jamiyatda yechimsiz qolmoqda. Shu bois haqiqiy, jasoratli va asosli feletonlar ko‘payishi, tanqidiy jurnalistika rivojlanishi kerak. Lekin bu erkinlik mas’uliyatsizlik degani emas. O‘tkir til – faqat haqiqatni aytishda ishlatilganda foydali.
Feleton – bu shunchaki kulgili yoki achchiq so‘zlar yig‘indisi emas, balki ijtimoiy adolatni ta’minlashga qaratilgan o‘tkir jurnalistik vosita. Uning salohiyati bugun ham kuchli, ammo noto‘g‘ri ishlatilsa, u jamiyatni birlashtirish emas, ajratish vositasiga aylanishi mumkin. Shunday ekan, “o‘tkir til”ni yana safda qo‘llashimiz mumkin, lekin u faqat haqiqat uchun xizmat qilishi sharti bilan.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA