Fayzulla Xo‘jayev xotarisiga bag‘ishlandi
Buxoro shahridagi Fayzulla Xo‘jayev uy muzeyida Buxoro davlat universiteti "Jahon tarixi" va "Buxoro tarixi" kafedralari tashabbusi bilan davlat va jamoat arbobi, buxoroning suyukli farzandi Fayzulla Xo‘jayev tavalludining 125 yilligi munosabati bilan ilmiy-nazariy anjuman o‘tkazildi.
Tadbirda Buxoro davlat universiteti rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talabalar, hamkor tashkilotlar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
– Prezidentimiz 2016 yil 4 noyabr kuni Buxoro viloyati faollari bilan bo‘lgan uchrashuvda shu zaminda tug‘ilib voyaga yetgan millat fidoyisi Fayzulla Xo‘jayevning tabarruk nomini ehtirom bilan tilga olib, bu insonga munosib tarzda uning hurmatini joyiga qo‘yish va xotirasini e’zozlashga barchani da’vat etgan edi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro shahar bo‘linmasi rahbari "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Aziz Hakimov. – Mustaqillik yillarida Fayzulla Xo‘jayev xotirasining munosib tarzda yod etilishi, uni ilmiy merosining o‘rganilishi muhim tarixiy voqeadir. Fayzulla Xo‘jayev bugungi mustaqil O‘zbekiston Respublikasi, xalqning baxtu-saodati, istiqboli uchun o‘sha alg‘ov-dalg‘ov yillarda mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tgan davlat arbobi hisoblanadi.
– Mustaqillik sharofati bilan Fayzulla Xo‘jayev shaxsi va faoliyati hamda ilmiy merosini atroflicha o‘rganish imkoniyati yaratildi, – deydi Buxoro davlat universiteti jahon tarixi kafedrasi mudiri, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Oybek Rashidov. – O‘zbekistonda mustaqillik uchun kurashlar tarixini millat qahramonlarining faoliyati, ibratli hayot yo‘llaridan ayri holda tasavvur etish va o‘rganish mushkul.
Ushbu benazir insonning tashabbusi bilan 1930 yili Buxoro pedagogika instituti ochilgan. Institutga 1967 yili Fayzulla Xo‘jayev nomi berilgan. 1992 yilda esa Buxoro Davlat universiteti maqomi berilgan. Hozirda universitet binosining kirish qismida arbob byusti qo‘yilgan. Yurtimiz istiqloli yo‘lida jonini fido qilgan Fayzulla Xo‘jayevning hayot yo‘li va tolmas irodasi yoshlarni vatanni sevishga va uni qadrlashga chorlaydi.
Anjumanda bir guruh "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari Buxoro shahar Ma’naviyat va ma’rifat kengashi tomonidan tashakkurnoma va kitoblar bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, O‘zA