Faxriylar maqomini olganlar soliq va pensiya imtiyozlaridan foydalanishi mumkin
Parlament quyi palatasi majlisida “Faxriylar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mazkur loyihada faxriylar huquqlari bilan bog‘liq qonunosti hujjatlarida tarqoq holda bo‘lgan huquqiy normalar jamlanib, yaxlit qonun holatiga keltirilmoqda.
Xususan, loyiha bilan faxriylar maqomi, toifalari hamda bu sohada mas’ul vazirlik va idoralarning vakolatlari belgilanmoqda. Shuningdek, faxriylarning huquqiy va ijtimoiy himoyasi, imtiyoz hamda kafolatlari mustahkamlanmoqda.

Endilikda biror bir soha, tarmoq yoki kasbda uzoq yillar mobaynida vijdonan namunali mehnat qilish orqali davlat hamda jamiyat e’tirofiga sazovor bo‘lgan jismoniy shaxslarga faxriy maqomi beriladi. Sobiq SSR va O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari, orden va faxriy unvonlari bilan taqdirlanganlar faxriy unvonini olishi mumkin. Shuningdek, mamlakat suvereniteti, tinchligi va xavfsizligi yo‘lida qahramonlik ko‘rsatgan harbiy soha vakillari va mazkur qonun hujjatida aks etgan boshqa vakillar faxriy maqomiga sazovor bo‘lishi mumkinligi belgilanmoqda.
Faxriy maqomini olgan fuqarolar ijtimoiy jihatdan himoya, soliq hamda pensiya imtiyozlaridan foydalanish kabi bir qator huquqlarga ega bo‘ladi.
Xususan, sanatoriy-kurort va sog‘lomlashtirish muassasalarida bepul davolanishlari mumkin. Uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlarini olish, shahar transportida bepul yurish, havo va temir yo‘l chiptalarida chegirmalar, davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish kabi bir qator imtiyozlarga ega bo‘ladi.

Shuningdek, faxriylar sog‘lomlashtirish muassasalarida dori vositalari bilan imtiyozli ta’minlanadi. Madaniyat va ko‘ngilochar muassasalar — sport, teatr, moddiy madaniy meros ob’ektlari hamda muzeylarning pulli xizmatlaridan imtiyozli foydalanishi mumkin.
Shu bilan birga, loyihada alohida maqomga ega faxriylar toifasi aniqlashtirilmoqda.
Loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida bir qator takliflar asosida hujjat yanada takomillashtirildi. Jumladan, “urush faxriylari” atamasi xalqaro tajribada qo‘llanilmagani bois chiqarib tashlanmoqda.
Muhokamalarda ta’kidlanganidek, faxriylarning huquqlari, ularga beriladigan barcha imtiyoz va kafolatlar qonun bilan mustahkamlanib, ularni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash imkoniyati yanada kengayadi.
Majlisda deputatlar tomonidan loyiha yuzasidan ayrim e’tiroz va savollar bildirildi. Undagi ayrim moddalarni qayta ishlash va maromiga yetkazish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi mas’ul qo‘mita tomonidan takomillashtiriladigan bo‘ldi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA