Faxriy sportchilar bilan uchrashuv
Poytaxtimizdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyida sportimiz faxriylari – boks bo‘yicha jahon chempioni, Olimpiya o‘yinlari sovrindori, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Rufat Risqiyev va boks bo‘yicha qator nufuzli musobaqalar g‘olibi Abdulla Qodiroxunov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyida sportimiz faxriylari – boks bo‘yicha jahon chempioni, Olimpiya o‘yinlari sovrindori, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Rufat Risqiyev va boks bo‘yicha qator nufuzli musobaqalar g‘olibi Abdulla Qodiroxunov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.“Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Toshkent davlat yuridik universiteti va Olimpiya shon-shuhrati muzeyi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirlik va tashkilotlar vakillari, talabalar ishtirok etdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor yoshlarimizning har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishi, xalqaro maydonlarda iqtidor va salohiyatini keng namoyon etishida muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Mamlakatimizning barcha hududida yaratilgan keng imkoniyatlar tufayli sport millionlab yoshlarning sevimli mashg‘ulotiga aylandi. Iqtidorli yoshlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, ular xalqaro miqyosdagi nufuzli sport musobaqalarida munosib ishtirok etmoqda. Yurtimiz sportchilari jahon va qit’a chempionatlari, Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida yuqori ko‘rsatkichlarga erishayotir.
– Hozirgi yoshlarga havas qilaman, – deydi Rufat Risqiyev. – Sport bilan shug‘ullanaman degan yigit-qizning orzularini ro‘yobga chiqarish uchun barcha sharoit va imkoniyat bor. Bundan yoshlarimiz unumli foydalanishi zarur.
Uchrashuvda faxriy sportchilar yoshlarga o‘z faoliyati, sportda erishgan natijalari haqida batafsil so‘zlab berdi.
– Bu kabi uchrashuvlar faxriy sportchilarimizning yutuqlaridan ibrat olib, bugungi sharoitlarning qadriga yetishga undaydi, – deydi Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi Ne’matjon Abdazov. – Biz, yoshlar yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikka javoban bor kuch va bilimimizni yurt ravnaqi uchun sarflashimiz lozim.