Faxrimsan, iftixoriman yurtim bayrog‘i
Navoiy shahrida 18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 31 yilligiga bag‘ishlangan “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” shiori ostida tantanali bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbir avvalida “Farhod” madaniyat saroyidan Alisher Navoiy xiyobonida o‘rnatilgan ulkan bayroq maydonigacha bo‘lgan masofada viloyat va shahar hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, harbiy qismlar, korxona, tashkilotlar, keng jamotachilik vakillari va yoshlar Vatanimiz bayrog‘ini hilpiratgan holda “5000 qadam”yurish marofnida ishtirok etishdi.
“Farhod” madaniyat saroyida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda milliy g‘ururimiz va iftixorimiz bo‘lgan bayrog‘imiz o‘zida butun O‘zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g‘ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stligini mujassam etganganligi, uning bugungi hayotimizda va yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi o‘rni haqida so‘z yuritildi.
[gallery-9647]
Bugun bayrog‘imiz davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turibdi. Shuningdek, turli bayram va tantanalarda, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida baland ko‘tarilmoqda.
Ayniqsa, xalqaro sport arenalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan sportchilarimiz sharafiga madhiyamiz yangirab, yurtimiz bayrog‘i baland ko‘tarilgan lahzada har birimizning qalbimizni hayajon chulg‘ab, ko‘zlarimiz namlanganligi rost.
Bayroqdagi moviy rang – musaffo osmonimiz hamda obi hayot ramzi bo‘lsa, oq rang – tinchligimiz, yashil rang – tabiatning yangilanishi, qizil chiziqlar esa davlatimiz farovonligi, jamiyat taraqqiyoti yo‘lida o‘zaro hamjihatlik bilan hormay-tolmay mehnat qilayotgan yurt farzandlarining vujudida oqayotgan hayotiy qudrat ramzidir.
Tadbirda san’atkorlar tomonidan Vatanni, ona yurt va tinchlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
bugungi kunda Navoiy viloyatining 10 ta shahar va tumanlari markazida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i hilpirab turibdi. Navoiy shahri markaziga o‘rnatilgan bayroqning balandligi tutqichi va ustuni bilan birgalikda 62,5 metrni, bo‘yi 10 metr, eni 20 metrni tashkil etadi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA.