Faxriddin Xurramov “O‘zbekgidroenergo" chempionati finalida ishtirok etadi
“O‘zbekgidroenergo” AJ Ijro apparati xodimlari o‘rtasida shaxmat bo‘yicha ochiq chempionatning saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida xodimlar o‘rtasida shaxmatni ommalashtirish, ularni sportga keng jalb etish hamda jamoada sog‘lom raqobat muhitini mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Bellashuvlar jamiyat ma’muriy binosi hududidagi maxsus shaxmat maydonchasida o‘tkazildi. Bahslar O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi hakami tomonidan FIDE qoidalari asosida shveysar tizimida baholandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, matbuot xizmati yetakchi mutaxassisi Faxriddin Xurramov 6 ochko jamg‘arib, birinchi o‘rinni egalladi va “O‘zbekgidroenergo” AJ ochiq chempionatining yakuniy bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Ikkinchi o‘rin Atrof-muhit muhofazasi va kadastr bo‘limi yetakchi mutaxassisi G‘anisher Eshboyevga nasib etdi. U ham 6 ochko to‘plagan bo‘lib, qo‘shimcha ko‘rsatkichlar asosida ikkinchi natijani qayd etdi. Uchinchi o‘rinni esa Sun’iy intellekt joriy qilish bo‘limi boshlig‘i Bahodir Daminov 5 ochko bilan qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlarga tashkilotning qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
Mazkur tashkilot axborot xizmati xabar berishicha, chempionatning yakuniy bosqichi 22-avgust kuni Yoshlar ijod saroyida o‘tkaziladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA