Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida malakali kadrlar tayyorlanadi
“Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi instituti hamda Boshlang‘ich tayyorgarlik va malaka oshirish markazi Akademiya huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti hamda Malaka oshirish markazi etib qayta tashkil etiladi.
Akademiyaning yagona ta’lim kampusida quyidagilar tashkil etiladi:
— Akademiya huzuridagi Qutqaruvchilar tayyorlash texnikumi;
— Xorijiy kadrlarni tayyorlash fakulteti.
Akademiyada 2 bosqichli oliy ta’lim tizimida yuqori malakali professional kadrlar tayyorlash quyidagi shakllarda yo‘lga qo‘yiladi:
— harbiy ta’lim yo‘nalishlarida kunduzgi ta’lim shaklida davlat granti, umumfuqaroviy ta’lim yo‘nalishlarida kunduzgi, kechki va masofaviy ta’lim shakllarida to‘lov-kontrakt asosida bakalavrlar tayyorlash;
— favqulodda vaziyatlar davlat tizimi tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar uchun harbiy va umumfuqaroviy mutaxassisliklarida to‘lov-kontrakt, kunduzgi, kechki va masofaviy ta’lim shakllarida magistrlar tayyorlash.
Akademiyada 2027/2028 o‘quv yilidan tajriba-sinov tariqasida “2+2” ta’lim shaklida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlashning yangi tizimi joriy etiladi.
O‘zA