Favqulodda vaziyatlarda zamonaviy yondashuvlar
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida “Favqulodda vaziyatlarda baland qavatli binolardan insonlarni qutqarishdagi mavjud muammolar va ularning innovatsion yechimlari” mavzusida Respublika ilmiy-texnik anjumani o‘tkazildi.



Anjuman mamlakatimizda Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi kursantlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash, baland qavatli binolarning yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish hamda bugungi kunda qurilayotgan baland qavatli binolarda yong‘in xavfsizligini ta’minlashning muammo va yechimlarini o‘rganish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan bugungi kunda amaliyotda qo‘llanilib kelinayotgan zamonaviy yong‘in o‘chirish va qutqaruv texnikalari, shuningdek, oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari tomonidan tayyorlangan maket va ilmiy-innovatsion ishlanmalarning ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Shundan so‘ng ishtirokchilar binolarda yoki ularning ichki qismida o‘rnatiladigan statsionar qutqaruv vositalarini ishlab chiqish, transportda jihozlangan qutqaruv vositalarini qo‘llash, binolarda saqlanadigan va yong‘in vaqtida qo‘llaniladigan qutqaruv vositalarini yaratish hamda yong‘in-qutqaruv avtomobillarida tashiluvchi ko‘chma qutqaruv vositalarini takomillashtirish, horij tajribasini inobatga olgan holda baland qavatli binolardan insonlarni qutqarish uchun o‘ziga xos yong‘in-qutqaruv texnikalari, aslaha-anjomlari, qutqaruv vositalarini yaratish, ularni favqulodda vaziyatlarni bartaraf qilish amaliyotiga yanada keng joriy etish masalalari muhokama etildi.guln
Zamonaviy baland qavatli binolarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarda insonlarning evakuatsiyasini tashkillashtirish, qutqaruv vositalaridan samarali foydalanish yuzasidan takliflar ishlab chiqish belgilandi.
Anjuman yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislaridan atroflicha javoblar olishdi.
Favqulodda vaziyatlarda baland qavatli binolardan insonlarni qutqarishdagi mavjud muammolar va ularning innovatsion yechimlari bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA