Favqulodda vaziyatlar vazirining axboroti eshitiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida favqulodda vaziyatlar vaziri A.Qo‘ldoshevning favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi faoliyati samaradorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axborotini eshitish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan bir qancha yig‘ilishlarda favqulodda vaziyatlarni prognoz va monitoring qilish, avariya va texnogen holatlarning oldini olish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida aholini favqulodda vaziyatlar, kuchli zilzilalar va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tabiiy ofatlarda to‘g‘ri harakat qilishga tayyorlash tizimini rivojlantirish borasida muhim vazifalar o‘rin olgan.
Keyingi yillarda iqlim o‘zgarishi oqibatida respublika hududida tabiiy ofatlar soni sezilarli darajada oshdi. Tabiiy ofatlarning o‘rtacha soni 2001-2010 yillarda 115 ta, 2011-2022 yillarda 126 ta holatni tashkil etgan.
Global iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq vaziyat sababli respublikada iqlim o‘zgarishiga moslashuv choralarini ko‘rish va tabiiy ofatlar bilan bog‘liq yo‘qotishlarni kamaytirish doimo muhim vazifa bo‘lib qoladi.
Shundan kelib chiqib, quyi palata majlisida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi faoliyati samaradorligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan favqulodda vaziyatlar vaziri A.Qo‘ldoshevning axborotini eshitish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
M.Komilova,
O‘zA