Favqulodda vaziyatlar: Mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha hujjatlar imzolandi
Poytaxtimizda Markaziy Osiyo davlatlari favqulodda vaziyatlar idoralari rahbarlarining mintaqaviy forum-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish hamda davlatlarning transchegaraviy xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarga birgalikda javob qaytarishga tayyorgarligini oshirish sohasidagi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy jamiyatlari xalqaro federatsiyasi, Favqulodda vaziyatlar va ofatlar xavfini kamaytirish markazi hamda BMTning Ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha boshqarmasi ma’sul xodimlari ishtirok etdi.
[gallery-32056]
Tadbirda ilk bor kuzatuvchi sifatida Ozarbayjon Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Delegatsiyaga Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari Rafail Xalid o‘g‘li Mirzoyev rahbarlik qildi. Forum ishtirokchilari va ma’ruzachilari qatorida BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fudji, GIZ vakili Sergey Makarov, Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Kendzi Xirato, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda sohaviy ekspertlar ham bo‘ldi.
Forumning birinchi kunida mintaqaviy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan panel sessiyalari bo‘lib o‘tdi. Ularda shaharlarning tabiiy ofatlar va iqlim o‘zgarishi xavflariga nisbatan barqarorligini oshirish, seysmik xavfsizlikni ta’minlash, transchegaraviy suv resurslarini xavfsiz boshqarish salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, sel va suv toshqinlari xavfini kamaytirish masalalari muhokama qilindi. Bir nechta davlat hududlarini qamrab oluvchi yirik ko‘lamli favqulodda vaziyatlarga xalqaro miqyosda javob qaytarishning mintaqaviy mexanizmlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Sessiyalar davomida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston ekspertlari mintaqa davlatlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ma’ruzalar va tashabbuslarni taqdim etdi. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutaxassislari ham aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha o‘z takliflarini ilgari surdi.
Muhokamalar yakunida ishtirokchilar birgalikdagi transchegaraviy loyihalarni amalga oshirishga asos bo‘lib xizmat qiladigan hujjatlar va tashabbuslarni yanada takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldi.
Muhokamalar doirasida ishtirokchilar Markaziy Osiyoning yirik shaharlari tabiiy xavf-xatarlar va iqlim o‘zgarishiga nisbatan barqarorligini oshirish, “Barqaror shaharlar koalitsiyasi” tashabbusi doirasida shaharlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda seysmik xavfsizlikni mustahkamlash masalalarini ko‘rib chiqdi. Erta ogohlantirish va o‘zaro axborot almashish tizimlarini joriy etish, aholining zilzila xavfi to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish hamda ehtimoliy favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, yirik ko‘lamli va transchegaraviy xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarga xalqaro miqyosda javob qaytarish mexanizmlarini takomillashtirish, sel va suv toshqinlari oqibatlarini kamaytirish, xavf mavjud bo‘lgan daryo havzalarining mintaqaviy ma’lumotlar bazasi, onlayn-katalogi va elektron xaritasini yaratish, shuningdek, Markaziy Osiyoda landshaftlar barqarorligini tiklash ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi. Favqulodda vaziyatlarni prognoz qilish, axborot almashinuvi samaradorligini oshirish, ularning oldini olish va bartaraf etish jarayonlarida harakatlarni muvofiqlashtirishni takomillashtirishda zamonaviy raqamli yechimlar va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Forum yakunlarida Markaziy Osiyo davlatlari favqulodda vaziyatlar idoralari rahbarlarining mintaqaviy forumi yakunida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish masalalaridagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bir qator hujjatlar imzolandi. Mazkur tadbir tajriba almashish, qo‘shma tashabbuslarni muhokama qilish va mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab olish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.
Erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi Markaziy Osiyo davlatlarining tabiiy va texnogen xavf-xatarlarga tayyorgarligini oshirish, aholi va hududlar muhofazasini mustahkamlash, shuningdek, favqulodda vaziyatlarga birgalikda javob qaytarish mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qiladi. Forum mintaqa aholisi xavfsizligini ta’minlash, xavflarning oldini olish va ularning oqibatlarini kamaytirishning samarali tizimini shakllantirishda mintaqa davlatlari hamda xalqaro hamkorlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Gulnoza Boboyeva,
Farhod Abdurasulov (surat)
O‘zA