Farqi bor: haqorat va tuhmat (+video)
Ko‘pincha ushbu ikki huquqbuzarlikni farqlamaslik kuzatiladi. Hattoki ommaviy axborot vositalarida, sarlavhalarda ham ular chalkashtirilganligini kuzatish mumkin — odamlar qaysi gap haqorat yoki tuhmat ekanligini belgilashda qiynalishadi.
Aslida bu ikki alohida huquqbuzarlik bo‘lib, tarkibi, javobgarligi, ijtimoiy xavfi va boshqa xususiyatlari bilan farqlanadi.
Haqorat qilish qanday bo‘ladi?
Haqorat qilish shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlashdir. Bunda shaxs uyatsiz ravishda qoralanadi, unga salbiy baho beriladi. Haqorat qilish so‘kinish, kamsitish, turli xil qiliqlar qilish orqali va boshqa shakllarda ifodalanib, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini yerga urishga qaratilgan bo‘lishi kerak.
Tuhmat nima?
Bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar (haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, yolg‘on ma’lumotlar) tarqatish tuhmat hisoblanadi.
Javobgarlik qanday?
Tuhmat birinchi marta sodir etilganida MJtKning 40-moddasiga muvofiq, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oltmish baravarigacha (6 mln 600 ming so‘mdan 19 mln 800 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Haqorat qilish MJtKning 41-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha (6 mln 600 ming so‘mdan 13 mln 200 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Agar yuqoridagi qilmishlar bir yil ichida qayta takrorlansa, jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan tarzda, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmoqlarida haqorat yoki tuhmat qilish ma’muriy javobgarliksiz qilmishni og‘irlashtiruvchi holat sifatida to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlikni keltirib chiqadi.
Batafsil:
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/h97BeNh3Hys" title="xaqorat va tuxmat HD" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, A.Sodiqov O‘zA