Farovon yurtga obodlik yarashadi
Bugun erta tongdan Qashqadaryo viloyatining barcha hududlarida, idora va tashkilotlarda xayriya hashari boshlandi.
Viloyat mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qashqadaryo viloyati bo‘limi hamkorligida “Mahalla obodligi – yurt farovonligi” shiori ostidagi xayriya hashari munosabati bilan viloyat shtabi faoliyat boshladi.
12:00 ga qadar olingan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat bo‘yicha 500 ming nafardan ortiq ishchi va xodimlar xayriya hasharida ishtirok etgan. Bu borada yoshlar alohida tashabbus ko‘rsatdi. Buni ishtirok etganlarning yarmidan ko‘pini yoshlar vakillari tashkil etganidan ham ko‘rish mumkin.
Hasharchilar tomonidan o‘tgan vaqt davomida 700 gektarga yaqin hudud obodonlashtirildi, 600 tonnaga yaqin maishiy va qurilish chiqindilari chiqarib tashlandi, 72 kilometr ariqlar tozalandi, 529 ta qabriston va 43 ta ziyoratgoh obodonlashtirildi, 48 ming tupdan ziyod manzarali, 25 ming tupdan ortiq mevali daraxt ko‘chatlari ekildi, 100 ming donadan ortiq gul ko‘chatlari o‘tkazildi. Mazkur ishlar uchun 196 ta texnika jalb qilindi.
Shuningdek, xayriya hashari davomida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham muayyan ishlar amalga oshirildi.
– Obod va farovon yurtga tozalik ozodalik yarashadi, – deydi “Mahalla” fondi viloyat bo‘lim boshqaruvi sho‘’ba mudiri Suxrob Mustafayev. – Hashar xalqimizga xos azaliy qadriyat desam adashmayman. Boisi ota-bobolarimiz azal-azaldan birlashib, mana shunday katta hasharlar tashkil qilib, hududlarni obod qilgan, ulkan qurilishlarni olib borgan, kanal va ariqlar qazigan. Bugun viloyatimiz bo‘ylab tashkil qilingan umumxalq hasharida ham barcha qalb amri bilan ishtirok etmoqda. Xususan, hashar davomida ayni paytga qadar viloyat bo‘yicha 79 ta kam ta’minlangan oilalarning 2983 kvadrat metr uy-joylari ta’mirlandi. Ushbu maqsadlar uchun 35 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflangan bo‘lsa, shundan 27 million 272 ming so‘mi “Mahalla” fondi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirildi. Shuningdek hududlar kesimida 179 ta ehtiyojmand va nogironligi bor oilalarga moddiy yordam ko‘rsatildi.
Viloyatning barcha tumanlarida xayriya hashari davom etmoqda.
[gallery-6901]
O‘lmas Barotov,
O‘zA.