Farmon va qarorlar ijrosi Adliya nazoratida
Qashqadaryo viloyati Adliya boshqarmasida jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
Adliya boshqarmasi tomonidan Prezidentimizning 2018 yil 18 oktyabrdagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoniga ko‘ra hududida xonadonlar soni mingta va undan ortiq bo‘lgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining oylik lavozim maoshlarini 35 foizga oshirilganligi yuzasidan huquqni qo‘llash amaliyoti tahlil qilingan.
Monitoring natijasiga ko‘ra, viloyatda joriy yilning o‘tgan uch oyi davomida 613 ta mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlari lavozim maoshlariga 35 foiz oshirilganligi hisobidan 694 million 126 ming so‘m to‘lovlar to‘lab berilmaganligi aniqlangan. Natijada 14 ta taqdimnoma kiritilib, ushbu mablag‘lar to‘lattirib berilgan.
Huddi shunday viloyatdagi kasb-hunar maktab va kollejlar, sport hamda madaniyat maktablarida Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni ijrosi (“Sport targ‘ibotchisi” lavozimiga qo‘shimcha ustama to‘lanishi) tahlil qilinganda 45 million 242 ming so‘mlik ustama pullari to‘lab berilmaganligi aniqlangan va ushbu holat yuzasidan jami 57 ta taqdimnoma va 7 ta da’vo arizalari kiritilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilning uch oyida viloyat adliya boshqarmasiga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan jami 3016 ta murojaatning 2614 tasi hal etilib, shundan 1844 tasi yoki 61,2 foizi qanoatlantirilgan. 770 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan, shuningdek, boshqarmaning “Ishonch telefoni” ga kelib tushgan 94 ta murojaatning 86 tasi hal etilib, shundan 33 tasi yoki 35,1 foizi qanoatlantirilgan. 53 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan. Boshqarma va uning tizimidagi adliya bo‘limlari tomonidan hisobot davrida jami 24 ta o‘rganish va 458 ta monitoringlar o‘tkazilib, o‘rganishlar davomida 1647 ta tashkilotlar faoliyati qamrab olingan va ushbu o‘rganish va monitoringlar natijasida 27 ming 747 ta qonun buzilishi holatlari aniqlangan.
Shuningdek, anjumanda FHDYO sohasi, davlat xizmatlari ko‘rsatishda yo‘l qo‘yilayotgan qonunbuzilish holatlari, talab yuqori bo‘lgan xizmatlar, joriy etilayotgan yangi xizmatlar va boshqarma tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA.