Farmatsevtika: YUNISEF bilan yangi strategik qadamlar
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida BMT Bolalar jamg‘armasining (YUNISEF) Afg‘onistondagi vakolatxonasi rahbariyati va mahalliy dorisozlik korxonalari vakillari ishtirokida muhim muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuvda Agentlik direktori Abdulla Azizov, YUNISEFning Afg‘onistondagi vakili Tajuddin Oyevale va tashkilotning yurtimizdagi vakili o‘rinbosari Jeffri Ijumba qatnashdi.
Muloqot chog‘ida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan farmatsevtika mahsulotlarini xalqaro xaridlar platformalariga faol jalb qilish, ularning sifat ko‘rsatkichlarini jahon standartlariga to‘liq moslashtirish hamda mintaqaviy sheriklik ko‘lamini yanada kengaytirish kabi dolzarb masalalar muhokama markazida bo‘ldi. Tomonlar dori vositalarini xarid qilishning shaffof tartib-qoidalari, tender bosqichlari, o‘zaro shartnoma mexanizmlari hamda Afg‘onistondagi farmatsevtika xaridlarini mahalliylashtirish imkoniyatlari yuzasidan batafsil fikr almashdi.

Tadbirning amaliy qismida mehmonlar Toshkent viloyatida barpo etilayotgan «BioPharma City» maxsus farmatsevtika klasteri va Farmatsevtika texnik universitetida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi. Ularga mahalliy ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal rivojlantirish, shuningdek, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli loyihalar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Mazkur uchrashuv mahalliy farmatsevtika korxonalarining global miqyosdagi xaridlar tizimidagi o‘rnini mustahkamlash hamda YUNISEF bilan o‘zaro manfaatli strategik hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA