Farmatsevtika: yod tanqisligini bartaraf etish maqsadida mahalliy ishlab chiqarishga yangi qadam qo‘yildi
Bugungi kunda aholi salomatligini mustahkamlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va mikroelementlar yetishmovchiligini bartaraf etish masalalari dunyo miqyosida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, inson organizmi uchun juda muhim bo‘lgan yod moddasining tanqisligi ko‘plab kasalliklarga sabab bo‘layotgani mutaxassislar tomonidan qayd etilmoqda. Shu nuqtai nazardan, yod mahsulotlari ishlab chiqarish va uni aholiga yetkazib berish tizimini takomillashtirish muhim vazifalardan biriga aylanmoqda.
Yod — inson organizmida qalqonsimon bez faoliyatini ta’minlaydigan eng muhim mikroelementlardan biri hisoblanadi. U gormonlar ishlab chiqarilishida ishtirok etib, modda almashinuvi, asab tizimi faoliyati, bolalarning aqliy va jismoniy rivojlanishida hal qiluvchi o‘rin tutadi. Yod yetishmasligi esa qalqonsimon bez kasalliklari, xotira susayishi, charchoq, immunitet pasayishi va bolalarda rivojlanishdan orqada qolish kabi jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin.
Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi zamonda yod tanqisligining asosiy sabablaridan biri, oziq-ovqat tarkibida mazkur elementning kamayib borayotganidir. Tuproq tarkibida yod miqdorining pastligi, ekologik omillar, shuningdek, qayta ishlangan mahsulotlar iste’molining ortishi aholi organizmiga tushayotgan yod miqdorini kamaytirmoqda. Shuningdek, dengiz mahsulotlari, baliq, sut mahsulotlari kabi yodga boy oziq-ovqatlarning yetarli darajada iste’mol qilinmasligi ham bu muammoni yanada kuchaytirmoqda.
Yodni asosan dengiz baliqlari, dengiz karamlari, sut va sut mahsulotlari, tuxum hamda yodlangan tuz orqali qabul qilish mumkin. Biroq ko‘plab hududlarda, jumladan, O‘zbekistonda dengiz mahsulotlari iste’moli cheklangani sababli aholi o‘rtasida yod yetishmovchiligi holatlari uchrab turadi. Mamlakatimizda bu borada muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, yodga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qondirish masalasi hali ham dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Ayni shu jihatlar yod saqlovchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, mahalliy xomashyodan samarali foydalanish va farmatsevtika sanoatini rivojlantirishni taqozo etmoqda.
Ana shulardan kelib chiqib, yod mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Turkmaniston delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida yod saqlovchi tibbiy mahsulotlar va preparatlar ishlab chiqarishga qaratilgan istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muzokaralar jarayonida yod xomashyosini ajratib olish, uni tibbiy darajada tozalash hamda keyinchalik mamlakat hududida chuqur qayta ishlash imkoniyatlari haqida so‘z yuritildi. Xususan, Buxoro viloyatida yod xomashyosini qazib olish va uni “Bio Pharma City” farmatsevtika klasteri doirasida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlarga aylantirish istiqbollari qayd etildi.
Shuningdek, uchrashuvda mamlakatimizning investitsion salohiyati, jumladan, zamonaviy farmatsevtika klasterlari doirasida yaratilgan infratuzilma, xorijiy investorlar uchun taqdim etilayotgan soliq va ma’muriy imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Loyihalarni amalga oshirishni klaster hududida yoki mavjud farmatsevtika erkin iqtisodiy zonalarida joylashtirish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar farmatsevtika sohasida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Yuqorida qayd etilgan tashabbuslar nafaqat farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, balki aholi salomatligini muhofaza qilishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Yod mahsulotlarini mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali mamlakatda ushbu mikroelement tanqisligini qisqartirish, sifatli va arzon mahsulotlar bilan ta’minlash imkoniyati kengayadi. Bu esa o‘z navbatida, kelajak avlod salomatligini mustahkamlash va sog‘lom jamiyatni shakllantirishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA