Farmatsevtika – istiqbolli va jadal rivojlanayotgan yo‘nalish
Toshkent shahrida global farmatsevtika bozoridagi zamonaviy tendensiyalar, sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, innovatsion dori vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalariga bag‘ishlangan O‘zbekistonning V Xalqaro farmatsevtika forumi start oldi.
Forum 20 dan ortiq mamlakatdan 250 nafardan ziyod delegatlarni jamlab, Markaziy Osiyoda farmatsevtika sohasida strategik muloqot va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim maydonga aylandi.
Tadbirni Tibbiyot va farmatsevtika tarmoqlarini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov ochib berdi. O‘z nutqida u mamlakatimizda farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘xtalib, farmatsevtika O‘zbekiston uchun istiqbolli va jadal rivojlanayotgan yo‘nalish ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, sohaning barqaror rivojlanishi izchil va tizimli ishlashni talab qilishini qayd etdi.

Forum doirasida farmatsevtika sohasini rivojlantirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, investitsiyalarni jalb qilish, dori ta’minoti tizimini takomillashtirish, sohada raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlashga qaratilgan dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.
Forum davomida investitsiya loyihalari, texnologiyalar transferi, farmatsevtika bozorini yanada takomillashtirish va aholining sifatli dori vositalariga bo‘lgan imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Forum o‘z ishini ertaga ham davom ettiradi.
Mohigul Qosimova, O‘zA