Farg‘onalik yosh liderlar saylovda faol ishtirok etadi
Farg‘ona viloyati "Kelajak liderlari" klubi a’zolari ishtirokida "Saylov jarayonlarida faol yoshlarning o‘rni va roli" mavzusida o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Unda yoshlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 11-Farg‘ona okrug saylov komissiyasi faoliyati bilan tanishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish kunini belgilash va saylov kampaniyasi boshlanishini e’lon qilish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2021 yil 23 iyuldan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga start berildi.
bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 11-Farg‘ona okrug saylov komissiyasining kalendar rejasi asosida amalga oshiriladigan ishlari belgilab olindi. Saylov kampaniyasida saylovchilarni saylovda ishtirok etishini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan muhim bo‘g‘in – bu okrug va uchastka saylov komissiyalari hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, okrug saylov komissiyasining saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha ish rejasi ishlab chiqilib, siyosiy jarayonga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Aholini, ayniqsa, yoshlarni saylov qonunchiligi bilan tanishtirishda uchrashuvlar, muloqotlar, tanlovlar tashkil etilmoqda.
Farg‘ona “Kelajak liderlari” klubi a’zolari ishtirokidagi tadbirda saylovga ko‘rilayotgan tayyorgarlik haqida ma’lumot berildi. Muloqotlar davomida kelajak liderlari ushbu muhim siyosiy jarayonga bo‘lgan qiziqishini bildirib, uni yuqori saviyada tashkil etish borasida taklif va mulohazalarini aytdi.
Okrug saylov komissiya raisi Erkinjon Nuraliyev mamlakatimizda saylov tizimi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalari, rivojlangan demokratik davlatlar tajribasi hamda milliy qadriyatlarimiz va davlatchilik tariximizdan kelib chiqqan holda shakllantirilganligini ta’kidladi. Tadbirda saylov qonunchiligiga kiritilgan yangi o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida tushuntirishlar berildi. Klub a’zolari bilan savol-javoblar o‘tkazilib, ularning saylov borasidagi huquqiy bilimlari sinovdan o‘tkazildi.


M. Sulaymonov, O‘zA