Farg‘onalik tadbirkorlardan bayram tuhfasi
Davlatimiz mustaqilligining 31 yilligi arafasida Farg‘ona viloyatida yangi ijtimoiy soha ob’ektlari, uy-joylar, ishlab chiqarish korxonalari foydalanishga topshirilmoqda.
Farg‘ona shahrida ham istiqbolli loyihalar asosida 5 ta korxonaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etib, tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlar, imkoniyatlar ularni yangi tashabbuslarga undayotganini ta’kidladi.
Loyiha qiymati 6 milliard so‘mni tashkil etgan “Yagona Stil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida “SEBO” brendi ostida ip-kalavadan trikotaj tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Korxona yillik ikki million dona mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Tadbirkor Farhod Qo‘chqorov rahbarligidagi korxonada hozirda 125 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Loyihaning yakunlanayotgan ikkinchi qismi ishga tushishi bilan yangi ish o‘rinlari soni yana ortadi.
[gallery-8309]
Qirguli mavzesidagi Sanoatchilar ko‘chasidagi “Yoshlar” kichik sanoat zonasida tadbirkor Zafarjon Hojimatov tashabbusi bilan “Gofra mahsulotlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishga tushirildi. Bu yerda gofra mahsulotlari va qadoqlash qutilari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Loyiha qiymati 5 milliard so‘m bo‘lgan korxonada 20 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Mavsumda qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikistonga, shuningdek, Rossiyaga ham mahsulotlarni eksport qilish rejalashtirilgan.
“Shodiyona” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tadbirkor Saidburxon Qodirov tomonidan “Union Group” trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi tashkil etildi. Loyiha qiymati 5 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan korxonada 90 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Korxonaga Xitoydan zamonaviy jihozlar olib kelib o‘rnatildi. Mahsulotlar Yevropa standartlari bo‘yicha tayyorlanib, Rossiya, Polsha, Turkiyaga eksport qilinishi ko‘zda tutilgan. Xodimlarning zamonaviy jihozlarda samarali ishlashlarini ta’minlash uchun instruktor sifatida turkiyalik texnolog jalb etilgan.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA