Farg‘onalik dasturchining AI loyihasi xalqaro tanlovda g‘olib bo‘ldi
Sun’iy intellekt nafaqat texnologiyalarni tezlashtirish, balki insonlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga ham xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, imkoniyati cheklangan insonlarning kundalik hayotini yengillashtirishga qaratilgan raqamli yechimlar bugun xalqaro maydonda ham e’tirof etilmoqda. Shunday loyihalardan biri farg‘onalik dasturchi Muhammadqodir Abduvoitov tomonidan yaratilgan. Uning «Braille Recognition» startapi Indoneziyada o‘tkazilgan nufuzli «ASOCIO Digital & AI Awards 2026» tadbirida xalqaro mukofotni qo‘lga kiritdi.
5–7-oktabr kunlari Jakarta shahrida o‘tkazilgan tadbirda Osiyo–Okeaniya mintaqasining raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasidagi yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi. Farg‘onalik dasturchining loyihasi Osiyo–Okeaniya kompyuter sanoati tashkiloti (ASOCIO) tomonidan ta’sis etilgan «AI for Public Good» — «Jamiyat manfaati uchun sun’iy intellekt» nominatsiyasida g‘olib deb topildi.
Mukofotni startap asoschisi Muhammadqodir Abduvoitov tantanali marosimda qabul qilib oldi.
«Braille Recognition» — smartfon kamerasi orqali Brayl yozuvini tanib, uni oddiy matnga aylantiruvchi mobil ilova. U ko‘zi ojiz insonlar, ularning yaqinlari va ta’lim sohasi vakillari uchun qulay imkoniyat yaratadi. Loyihaning xalqaro tanlovda g‘olib bo‘lishi Farg‘onada yaratilayotgan raqamli yechimlar nafaqat mahalliy, balki xalqaro maydonda ham o‘z o‘rnini topayotganini ko‘rsatadi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA