Farg‘onadagi xalqaro tennis turnirida hamyurtlarimiz muvaffaqiyatli start oldi
Farg‘ona shahrida Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan J100 tasnifidagi xalqaro turnirda dunyoning 10 dan ziyod mamlakatidan tashrif buyurgan yosh raketka ustalari yakkalik va juftlik bahslarida g‘oliblik uchun kurashmoqda.
Musobaqaning yakkaliklar o‘rtasidagi birinchi davra bahslarida bir qator tennischilarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etib, keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Jumladan, Mahmudbek Beknazarov yaponiyalik Koga Tomani 6:0, 6:2 hisobida mag‘lub etib, ikkinchi davraga yo‘l oldi. Endi u mazkur bosqichda hindistonlik Aradyakshi Tijga qarshi kortga chiqadi. Suxrob Saidov esa xitoylik Tianji Shaoni 7:5, 3:6, 6:3 hisobida taslim etdi. U navbatdagi bahsda yaponiyalik Yuta Amano bilan kuch sinashadi.
Yana bir vakilimiz Danila Kvasov yaponiyalik Koday Abeni 6:3, 6:1 hisobida yengib, keyingi bosqichda neytral maqomdagi Matvey Cherevatiy bilan bahslashadigan bo‘ldi.
Qizlar o‘rtasida ham hamyurtlarimiz munosib natija qayd etmoqda. Aleksandra Barmicheva neytral maqomdagi Yeva Sultanovani 6:1, 6:2 hisobida mag‘lub etib, keyingi bosqichda isroillik Maya Fishmanga qarshi kortga chiqadi. Kiyera Kim esa isroillik Anna Berzinni ishonchli tarzda mag‘lub etdi. Endi u chorak final yo‘llanmasi uchun neytral maqomdagi Leyla Shaxmuradova bilan kuch sinashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA