Farg‘onadagi manzara: mas’ullar mas’uliyatini oshirishi kerak?
Xabaringiz bor, havoning sovishi tabiiy gaz bosimini ancha pasaytirib yubordi. Barcha hududlarda bo‘lganidek, Farg‘ona viloyatida ham aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarining faoliyati cheklandi.
Kunlar isiy boshlagach esa “metan zapravka”lar faoliyati tiklanib, belgilangan soatlarda xizmat ko‘rsatmoqda. Shunday bo‘lsada shoxobchalarda turnaqator navbatlar kamaygani yo‘q.
Gap boshqa masalada. Bugungi kunda tez tibbiy yordam, kommunal hamda boshqa xizmat ko‘rsatuvchi idoralarning avtomashinalari gazga moslashgan. Ijtimoiy tarmoqlarda yaqinda Farg‘onada tez yordam mashinalari gaz olish uchun metan zapravkada navbat kutgani aks etgan xabar tarqaldi. Unga tegishli munosabat ham berildi.

Yana bir masala bor. U ham bo‘lsa hududlardagi maishiy chiqindilarni tashish bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlarning avtomashinalari gaz bo‘lmagani uchun o‘z vaqtida chiqindilarni olib ketolmayapti. Mas’ul idoralar esa buning yechimini aslo o‘ylagani yo‘q.
Xususan, Farg‘ona shahridagi ko‘plab mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida axlat uyumlari ko‘paymoqda. Xonadonlardan chiqayotgan maishiy chiqindilar tashqarisiga olib chiqib qo‘yganicha turibdi. Sababi ularni tashishga mo‘ljallangan avtomashinalarning yoqilg‘isi, ya’ni gazi yo‘q.
Mas’ullar bunday holatlarning oldini olish uchun sal bosh qotirsa yaxshi bo‘larmidi? Hech bo‘lmasa, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning avtomashinalari uchun avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalaridan alohida yo‘lak ajratilsa maqsadga muvofiq bo‘larmidi?
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri