Farg‘onada zamonaviy korxona ish boshladi
FOTOREPORTAJ
Joriy yilning 20 iyul kuni Farg‘ona viloyatida Germaniyaning “Knauf” kompaniyasi tomonidan barpo etilgan zamonaviy ishlab chiqarish korxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
[gallery-7984]
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Tilo Klinner, “Knauf” kompaniyasi rahbari janob Nikolaus Knauf va boshqalar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil Germaniya Federativ Respublikasiga rasmiy tashrifi do‘stlik va sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqqani va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga kuchli turtki bo‘lganini ta’kidladi.
Germaniyaning yetakchi kompaniyalarining mamlakatimizga investitsiya kiritayotgani va yirik ishlab chiqarish majmualarini barpo etayotgani erishilgan kelishuvlarning amaldagi ifodasi ekani qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, bugun faoliyatini boshlagan yillik 20 million kvadrat metr gipsakarton ishlab chiqarish quvvatiga ega ushbu zavod 19 million AQSH dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga barpo etildi.
E’tiborlisi shundaki, ushbu zavodda tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun 75 foiz mahalliy gips xomashyosidan foydalaniladi.
Barpo etilgan yangi zavod uchun tanlangan yer maydoni xomashyo bazasiga yaqin hududda joylashgan bo‘lib, logistika xarajatlarini kamaytirishga va kelgusida bozorga tayyor raqobatbardosh mahsulot yetkazib berishga xizmat qiladi.
Eng asosiysi, 80 nafar mahalliy yoshlarimiz doimiy ish bilan ta’minlanadi.
Nosirjon HAYDAROV, O‘zA