Farg‘onada yoshlar siyosiy bilim va salohiyatini sinovdan o‘tkazdi
Farg‘ona shahrida yoshlarning siyosiy-huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida «Siyosatdagi yoshlar» intellektual turniri o‘tkazildi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Farg‘ona viloyat Kengashi tashabbusi bilan Ahmad Farg‘oniy nomidagi Farg‘ona viloyati axborot-kutubxona markazida tashkil etilgan musobaqada hududdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirok etdi.
Turnir davomida yoshlar siyosiy jarayonlar, qonunchilik va davlat boshqaruviga oid bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Musobaqaning asosiy bosqichi parlament faoliyatini modellashtirish shaklida tashkil etilib, unda beshta siyosiy partiya fraksiyasi faoliyati aks ettirildi.
Ishtirokchilar «Yoshlarning ta’limdan bandlikka o‘tish jarayonini samarali tashkil etish va yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini muhokama qildi.
Munozaralarda bitiruvchilar bandligini ta’minlash, yoshlarning mehnat bozoriga kirib borishi, birinchi ish o‘rnini topishdagi qiyinchiliklar, kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Fraksiyalar qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini ilgari surdi.
Ishtirokchilarning chiqishlari siyosiy-huquqiy bilim, mantiqiy fikrlash, o‘z nuqtai nazarini asoslash, amaliy takliflar ishlab chiqish va parlament madaniyati mezonlari asosida baholandi.
[gallery-32003]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti talabalari birinchi, Farg‘ona davlat universiteti jamoasi ikkinchi, Farg‘ona jamoat salomatligi instituti talabalari esa uchinchi o‘rinni egalladi.
Mazkur turnir yoshlarning siyosiy-huquqiy savodxonligini yuksaltirish, mustaqil fikrlash, jamoada ishlash va dolzarb masalalarga amaliy yechim topish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA