Farg‘onada yangi tashabbus: “O‘rik gullaganda” festivali
Mo‘jizakor yurtimiz go‘zalligi, tabiatining fusunkorligi ortiqcha ta’rif-tavsifga muhtoj emas. Yilning to‘rt fasli ham bekam-u ko‘st namoyon bo‘ladigan jannatmonand o‘lkamizda o‘tadigan bayram va tantanalar, sayil va anjumanlar ham o‘zgacha maroqli. Ayniqsa, bahor faslida tashkil etiladigan har qanday yig‘in va tadbirlar gul-u chechaklar, sumalag-u turfa pishiriqlar bilan yanada fayzli o‘tadi.
Bugun Farg‘onaning qaysi bir hududiga bormang, gulga to‘la bog‘lar dilingizga o‘zgacha surur baxsh etadi. Ayniqsa, o‘rik gulining tarovati yanada o‘zgacha.
Farg‘ona viloyati hokimligi va hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan birinchi bor tashkil etilgan “O‘rik gullaganda” festivali umumxalq sayliga aylanib ketdi. O‘zbekiston tumani O‘qchi qishlog‘idagi qiyg‘os gullagan azim o‘rik daraxtlari ostida milliy o‘yinlar, o‘zbekona urf-odat va qadriyatlar namoyishi, ijodkorlar chiqishlari ko‘ngillarga ko‘klam tarovatini olib kirdi, deyish mumkin. Ayniqsa, varraklar uchirish, yosh polvonlar o‘rtasidagi kurash musobaqalari, qo‘shiqchi va shoirlar, rassom va hunarmandlarning asarlari tashrif buyuruvchilarda olam-olam taassurot qoldirdi. Doshqozondagi sumalak, ko‘k somsalar esa sayilga tashrif buyurgan xorijlik sayyohlarni maftun etdi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari Sherzod Rahimov, Oliy Majlis deputati Mavludaxon Xo‘jayeva, O‘zbekiston tumani hokimi Sherzodjon Yuldashev va boshqalar ushbu festivalning an’anaga aylanishi, tabiat qo‘ynida o‘tkaziladigan sayillar ekologik tarbiya, sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti, ijodkorlar uchun ilhom manbai bo‘lib qolishini ta’kidladi.
– Avvalo festivalning nomlanishi kishi ruhiyatiga o‘zgacha ijobiy ta’sir qiladi: “O‘rik gullaganda”. Axir, bahorning avj pallasi, yilning boshlanishi shu paytga to‘g‘ri keladi-da. Bundan tashqari, hayotning ibtidosi, yangi reja va maqsadlarning tug‘ilishi, jo‘shqin ilhom bilan bog‘lash mumkin bu tadbirni, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari Botir Ergashev. – Bog‘bon-u dehqonlarimiz mehnati – dasturxonimiz to‘kinligiga zamin yaratsa, odamlarimiz qalbidagi shukronalik va xotirjamlik, ma’naviy va ma’rifiy to‘kislik jamiyat ravnaqi, yurt taraqqiyoti garovidir. Ijodkorlar, san’atsevarlar, usta hunarmandlar, iste’dodli yoshlar yurti hisoblangan Farg‘onaning har bir hududida ana shunday bayramlar tashkil etish mumkin. Bu orqali yangi g‘oya va tashabbuslar qanot yozadi, yoshlarimizda intiluvchanlik o‘sadi.
[gallery-16650]
Darhaqiqat, “Bahor kuychisi” deya nom olgan atoqli shoirimiz qalamiga mansub “O‘rik gullaganda” va unga nazira tarzida yozilgan qator she’rlarda hayotga muhabbat, ona tabiatning yaratish xususiyati, mehnatkash va oqko‘ngil xalqimizning fidoyiligi tarannum etiladi, ezgulik va yaxshilik targ‘ib qilinadi.
Shu kuni ham bahor va ko‘klam, Navro‘z va go‘zallik haqida she’r-qo‘shiqlar yangradi. Taniqli san’atkorlarning diltortar qo‘shiqlari, usta askiyachilarning ichakuzdi payrovlari, folklor dastalarining alyor-u laparlari dillarga zavq bag‘ishladi. Kayvoni momolar, nuroniy otaxonlar yuzidagi tabassum ularning duolariga yo‘g‘rilib samolarga parvoz qildi. Yoshlar shijoatiga shijoat qo‘shildi, tabiatdan kuch olgan nigohlar tomirlardagi qonni shavqqa to‘ldirdi. Tillarda esa o‘sha mashhur misralar bot-bot takrorlandi:
“Derazamning oldida bir tup, O‘rik oppoq bo‘lib gulladi...”, “Mana senga olam-olam gul, Etagingga sig‘ganicha ol...”
Yoshlik va tabiat bayrami, ko‘klam va yaratish-yashnatish anjumani, ijodkorlik va milliylik sayli – “O‘rik gullaganda” festivali hali davom etajak. Dilga yaqin festivalda yana uchrashguncha, gulga burkangan o‘rikzor bog‘lar!
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA muxbirlari