Farg‘onada “Vodiydan turon sadosi” gala konserti bo‘lib o‘tdi (+video)
Ba’zan musiqa tarjimaga muhtoj bo‘lmaydi, u qalbdan qalbga yo‘l topadi. Farg‘onada o‘tkazilgan “Vodiydan Turon sadosi” xalqaro gala-konserti ana shunday kechalardan biri bo‘ldi.
“Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” tadbirlari doirasida Farg‘ona viloyatidagi Islom Karimov nomidagi teatr va konsert saroyida tashkil etilgan mazkur yirik konsert dasturi turkiy xalqlarning boy madaniy merosi va milliy an’analarini keng namoyon etdi. Kechada O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Turkiyadan tashrif buyurgan san’atkorlar, folklor jamoalari va raqs ansambllari ishtirok etdi.
[gallery-30120]
Tadbir avvalida TURKSOY Bosh kotibi o‘rinbosari Sayit Yusuf so‘zga chiqib, bu kabi madaniy uchrashuvlar turkiy xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamlashini ta’kidladi. U turkiy xalqlarni birlashtirib turuvchi til, tarix va madaniyat umumiy meros ekanini alohida qayd etdi.
Gala-konsert Botir Ergashevning “Turkiylar” she’ri asosida tayyorlangan badiiy chiqish bilan boshlandi. Hamza Hasanov va Gulasal Rahmonova ijrosidagi ushbu chiqish kechaga tantanavor ruh bag‘ishladi. Keyin esa turkiy davlatlar folklor va raqs ansambllari ishtirokidagi “Bayramona” kompozitsiyasi sahnani haqiqiy madaniyat maydoniga aylantirdi.
Konsert davomida O‘zbekiston milliy san’atining sara namunalari ham keng namoyon bo‘ldi. “Kel ey dunyo” qo‘shig‘i, katta ashula, mumtoz ijrolar va xalq kuylari tomoshabinlarga milliy musiqaning betakror jozibasini yana bir bor his ettirdi. Ayniqsa, “Fantaziya” raqs ansamblining “Xon atlas” kompozitsiyasi milliy liboslar va sahna harakatlari orqali o‘zbek madaniyatining nafosatini namoyon etdi.
Xalqaro dasturda qardosh davlatlar vakillarining chiqishlari kechaning eng yorqin lahzalariga aylandi. Qirg‘izistonlik Fotima Sultanova, ozarbayjonlik Ilkin Davlatov, qozog‘istonlik san’atkorlar Aynur Nurashova va Nurjan Jusupbekov, turkmanistonlik Baxtiyor Ro‘ziyev hamda turkiyalik Nilgun Qizilji ijrosidagi qo‘shiqlar turkiy xalqlarning madaniy yaqinligini yanada yaqqol namoyon qildi.
Gala-konsert yakunida barcha ishtirokchilar ijrosida “Turkiylar” qo‘shig‘i yangradi. Bu final kompozitsiyasi nafaqat musiqiy yakun, balki turkiy xalqlarning birligi, hamjihatligi va umumiy madaniy ildizlarining ramzi sifatida katta ma’no kasb etdi.
<iframe width="1335" height="751" src="https://www.youtube.com/embed/aFlXg2SpIH8" title="Farg‘onada “Vodiydan turon sadosi” gala konserti bo‘lib o‘tdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova,
Muqimjon Qodirov (video-surat),
Salim Obidjonov (montaj),
O‘zA