Farg‘onada “Vatanparvarlar” musobaqasi g‘oliblari aniqlandi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona garnizonida joylashgan Sharqiy harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qismda “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10–11-sinf o‘quvchilari hamda “Vatan tayanchi” otryadlari a’zolari ishtirok etdi. Bellashuvlar davomida yoshlar jismoniy tayyorgarlik bilan birga bilim, tafakkur va jamoaviy hamjihatlik borasidagi salohiyatini namoyon qildi.
Musobaqa dasturi turli yo‘nalishlarni qamrab oldi. Xususan, “Bilimdonlar” va “Smart sardor” shartlarida ishtirokchilarning bilim darajasi va tezkor fikrlash qobiliyati sinovdan o‘tkazildi. “Vatan madhi” hamda safda qo‘shiq aytish shartlari esa yoshlarda vatanparvarlik ruhini mustahkamlashga xizmat qildi.
Shuningdek, “Turnikda tortilish” va “Press” kabi jismoniy mashqlar ishtirokchilarning chiniqqanligi va bardoshini namoyon etdi. “AK-74 avtomatini noto‘liq qismlarga yoyib-yig‘ish”, “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Merganlar bellashuvi” hamda “Arqon tortish” shartlari yoshlarning epchilligi, tezkorligi va jamoaviy uyg‘unligini sinovdan o‘tkazdi.
[gallery-28515]
“Jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish” sharti ishtirokchilarning favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, birinchi o‘rinni Oltiariq tumani jamoasi egallab, respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar mos ravishda Farg‘ona tumani va Quvasoy shahri jamoalariga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi. Musobaqa yoshlarda Vatanga muhabbat, sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA