Farg‘onada tut ko‘chatlarining yangi navlari ko‘paytirilmoqda (+video)
Borlik yaratgan mo‘jizalarning biri – ipak qurti va uning karomatlaridir. Ko‘z ilg‘amas urug‘dan chiqqan qurt-tut bargiga to‘ygach so‘laklari ipak tolasiga aylanadi va u o‘ziga “hukm o‘qib” qoldirayotgan pillasi ichida halok bo‘ladi.
Pilladan yigirilgan ipak esa shoxona gilamlaru, atlas, baxmallarga, so‘zanayu - do‘ppimiz “qalampiri”ga aylanadi. Ammo ungacha...
Ipak qurti sog‘lom tanadan unib chiqqan mayin tut bargidan oziqlanadi. Farg‘ona viloyatining o‘zidagina 4 ming gektarga yaqin tut plantatsiyalari bor. Yo‘l yoki dala chetiga ekilgan tut bargi bo‘lsa yetadida, deganlar adashadi. Ipak qurti uchun sog‘lom, to‘yimli, mayin barg yetishtirish san’at asari yaratishday gap.

Tutzordagi bu bahaybat daraxt chinor emas. U nasldor otalik zotli tut. Uning o‘zi meva bermaydi, balki ona tutlarni changlatib meva beradigan qiladi. Otalik tutlarni duch kelgan joyga eksangiz adashasiz. Odatda ularni hududdagi shamolning yo‘nalishiga qarab bosh tomonga ekiladi. Gullagan chog‘i shamol uning changi – urug‘ligini ona tut gullariga yetkazadi. Shunda ular g‘arq mevaga kiradi. Otalik tut esa yaproq to‘kadi xolos.
Bu plantatsiyada urug‘lik yetishtiriladi. Ya’ni tut mevasi iste’mol qilinmaydi. Meva quritilib undan tut daraxti urug‘i ajratib olinadi.

Urug‘lar yangi plantatsiyalarga ekilib parvarishlanadi, dorilanadi, o‘g‘itlanadi, yerning tobiga qarab sug‘oriladi... Bir – ikki yoshga yetgandan so‘nggina ular ko‘chirilib yangi tutzorlarga, dala – yo‘l chetlariga ekiladi. Shundan keyingina bu ko‘chatlar pilla qurti uchun barg bera boshlaydi.
- 2017 yilda biz 500 mingtagacha ko‘chat yetishtirganmiz. Xozir plantatsiyalarda 25 million ko‘chat bor, - deydi agronom–seleksiyachi Kamoliddin Saidov. - Jarqo‘rg‘on, Pioner-5, Yakubasan degan Yaponiya va Xitoy tut zotlari olib kelib ko‘paytirilmoqda.
Shu kunlarda “Yashil makon” umumxalq loyihasi doirasida “Farg‘ona viloyat agropilla” MCHJ yetishtirgan o‘n minglab yangi, serhosil navli tut ko‘chatlari ko‘chirib joylarga olib ketilmoqda.

- Boshqa viloyatlardagi tutchilik xo‘jaliklari uchun ham yetkazib beryapmiz. Ular o‘z navbatida uni ko‘paytirib hududlarga tarqatadi. Hozirgi ko‘chat navlari serhosil, barg berishi ko‘paydi. 25 kilogacha boradi, - deydi Kamoliddin Saidov.
2023 yilda Farg‘ona viloyatida 2400 tonna yuqori navli pilla yetishtirildi. Holbuki bu 5 yil avvalgidan 25-30 foiz ko‘p. Lekin bu ham marra emas. Viloyatda tut plantatsiyalari maydoni keskin o‘sishi, ozuqa muammosi hal etilgani, qurt urug‘i zavodlari quvvati oshgani tufayli yaqin yillarda 3 ming tonnalik xirmon yaratish imkoni bor.

- Ikkita urug‘chilik zavodimiz bor. Nasilchilik zavodida yangi duragay zotlar yaratib beriladi, - deydi Farruxbek Mamadaliyev. – Viloyatimizda ipak qurti importiga 2017 yilda chek qo‘yilgan. 2023 yilda ipak qurti boqish orqali 101 ming nafar aholini ish bilan ta’minladik.
Farg‘onada ishlab chiqarilgan ipakka horijda extiyoj o‘sdi. Bu avvalo ipak sifati bilan bog‘liq edi.
- Yetishtirilgan 2400 tonna hosil 5 ta pillachilik klasterlarida qayta ishlanyapti. Ipak Tojikiston, Xitoy, BAAga eksport qilinmoqda, - deydi “Farg‘ona viloyat agropilla” MCHJ bosh agronomi Farruxbek Mamadaliyev.
Hozir viloyatdagi pillachilik klasterlari zamonaviy texnologiyaga asoslangan korxonalar qurmoqda yoki mavjudlarini rekonstruksiya qilyapti.

- 2023 yilda korxonamizga Xitoy Xalq Respublikasidan so‘nggi rusumdagi pilla yigirish dastgohlarini keltirib o‘rnatdik, - deydi “Nurli tong SILK” MCHJ ish boshqaruvchisi Mahmudjon Mahmudov. Natijada mahsulotimiz sifati oshdi va jahon bozoridan munosib o‘rin topti. Bundan tashqari qo‘shimcha 80 ta ish o‘rni yaratdik.
“Nurli tong SILK” MCHJ asosidagi klasterning o‘zi 2023 yilda 1200 tonna pilla yetishtirib uni to‘lig‘icha o‘z korxonasida qayta ishlamoqda.
<iframe width="853" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/Om3f57pNvwY" title="Farg‘onada tut ko‘chatlarining yangi navlari ko‘paytirilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Yana tutzorlarga qaytsak. Viloyatda aholiga tut ko‘chatlari yetishtirish uchun 20 sotixdan 50 sotixgacha yer berilyapti.
Farg‘ona viloyati tut ko‘chatlarining yangi navlarini ko‘paytirish markaziga aylanmoqda.
Muallif: Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov (video), O‘zA