Farg‘onada O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni nishonlandi
Mamlakatimizda 11 noyabr - O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni sifatida belgilanib, shu kunlarda yurtimizning barcha hududlarida ushbu sana katta tantana, bayram tarzida nishonlanmoqda.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyat Kengashi tomonidan “Sarbon” tantanalar majmuasida mazkur sanaga bag‘ishlangan “Yurt taraqqiyoti yo‘lida birlashaylik” shiori ostida bayram tadbiri tashkil etildi.
Tantanali tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari Qobiljon Qirg‘izaliyev bugungi kunda mamlakatimizdagi eng yirik jamoat tashkilotlaridan biri sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan soha xodimlarini samimiy qutlab, kasaba uyushmalari faoliyatini rivojlantirishda Farg‘onada o‘ziga xos tajriba maktabi yaratilganini e’tirof etdi. Xususan, birgina “Ayollar daftari” bilan ishlash borasida viloyatda 100 ming nafardan ziyod xotin-qizlarga amaliy yordam ko‘rsatilgani alohida qayd etildi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, o‘tgan davrda kasaba uyushmalari tomonidan barcha sohalarda xodimlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal qilish borasida ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, so‘ngi yillarda kasaba uyushmalari jamiyatning muhim bir bo‘g‘ini sifatida ezgu tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishda faollik ko‘rsatmoqda.
[gallery-4538]
Hozirgi kunda viloyatda kasaba uyushmalari tizimida 3,5 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotlarda 462 mingdan ziyod faollar mehnat qilmoqda. Kasaba uyushmalari tomonidan ishchi-xodimlarni kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ta’minlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bayram tadbirida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan e’lon qilingan tanlovning “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Eng yaxshi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi”, “Eng yaxshi ayol ish beruvchi”, “Kasaba uyushmalari lauyerati mukofoti” singari turli nominatsiyalari g‘oliblari diplom hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, tadbirda 82 nafar kasaba uyushmalari faollari, hamkor tashkilotlar vakillariga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining “Kasaba uyushmalari kuniga 1 yil” ko‘krak nishoni topshirildi. Bayram dasturi esa barchaga quvonch ulashdi.
M. Sulaymonov, M. Qodirov (surat), O‘zA