Farg‘onada “Nodavlat notijorat tashkilotlari uyi” ochildi
Farg‘ona shahrida “Nodavlat notijorat tashkilotlari uyi”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Jamiyat barcha sa’y-harakatini xalq manfaati yo‘lida birlashtirish mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlar samaradorligini yuksaltirishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. bugungi kunda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ijtimoiy ahamiyatga molik davlat dasturlarini ro‘yobga chiqarishda faol ishtirok etmoqda, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirayapti. Prezidentimizning 2021 yil 4 martdagi “2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”farmoni mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning yaqin va o‘rta muddatli istiqbollarini belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur “Nodavlat notijorat tashkilotlari uyi”ning tashkil etilishi ham ana shu ishlarning samarasidir.

Tadbirda so‘zga chiqqan Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimov, Oliy Majlis huzuridagi parlament komissiyasi raisi Adham Shodmonov va boshqalar mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlariga e’tibor kuchayib, jamiyatda roli va ahamiyati tobora oshayotganligini ta’kidladi.
Farg‘ona shahridagi sobiq kompyuter texnologiyalari kollejining bo‘sh turgan binosi qayta ta’mirlanib, “Nodavlat notijorat tashkilotlari uyi”ga aylantirildi. Viloyat mahalliy byudjeti hisobidan ta’mirlash va jihozlash uchun 1,5 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

Binoning ramziy kaliti o‘z egalariga tantanali tarzda topshirildi. Karnay-surnay sadolari ostida tasma qirqilib, mehmonlar yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi.
Bu yerda barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, 33 ta xona, konferensiya zallari, kovorking markazi va dam olish joyi bor. “Nodavlat notijorat tashkilotlari uyi”ga viloyatda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan sohalarda o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan 17 ta nodavlat notijorat tashkiloti ijara to‘lovining «nol» stavkasini qo‘llagan holda joylashtirildi va kelgusida ham O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi viloyat bo‘linmasi tavsiyasi asosida talabgor NNTlar joylashtirib boriladi.

M. Sulaymonov, O‘zA