Farg‘onada ko‘z mikroxirurgiyasi imkoniyatlari kengaymoqda
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatida oftalmologik kasalliklarni erta aniqlash, aniq tashxis qo‘yish va zamonaviy usullarda davolash imkoniyatlari kengaymoqda. Bu borada Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filialida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Muassasada 100 o‘rinli statsionar va kuniga 250 nafar bemorni qabul qilish quvvatiga ega poliklinika faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yerda katarakta, glaukoma, to‘r parda va shox parda kasalliklari bo‘yicha zamonaviy diagnostika va davolash xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
2025-yilda markazda 5 ming 213 nafar bemor davolangan bo‘lib, ularning 3 ming 376 nafarida turli murakkablikdagi jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan. Kataraktani davolashda fakoemulsifikatsiya va lazer jarrohlik usullari qo‘llanilmoqda. Markaziy ambulator jarrohlik bo‘limida esa ko‘z ichi operatsiyalaridan tashqari 20 dan ortiq turdagi jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda.
Tashxislash imkoniyatlari ham zamonaviy tibbiy uskunalar hisobiga kengayyapti. Optik kogerent tomografiya, fundus kamera, IOL Master, kontaktsiz tonometr va boshqa jihozlar ko‘z kasalliklarini erta aniqlash va davolash jarayonini samarali tashkil etish imkonini bermoqda.
[gallery-31128]
Yaqinda filialda Optopol kompyuter perimetriyasi apparati ishga tushirildi. U ko‘rish maydonini kompleks baholash, glaukoma, ko‘ruv nervi va ayrim retinal kasalliklarni erta aniqlashda qo‘llaniladi.
Shuningdek, Optical Biometry 700 apparati katarakta operatsiyasi oldidan ko‘z parametrlarini aniq o‘lchash va sun’iy linzaning zarur quvvatini hisoblash imkonini bersa, SWEPT Source OCT texnologiyasi ko‘z tuzilishini batafsil tasvirlash va jarrohlik amaliyotini aniq rejalashtirishga xizmat qiladi.
Zamonaviy uskunalarning bir qismi 2025-yilda ajratilgan 2 milliard 800 million so‘m mablag‘ hisobidan xarid qilingan. Janubiy Koreya, Polsha, Kanada, Yaponiya va AQSHda ishlab chiqarilgan tibbiy jihozlar muassasaning diagnostika va davolash imkoniyatlarini yanada oshirdi.
Filial laboratoriyasi ham zamonaviy avtomatik gematologik analizator bilan jihozlangan. Bu qon tahlillarini qisqa vaqtda o‘tkazish va natijalarni tezkor olish imkonini bermoqda.
Ayni paytda viloyatda 700 nafardan ortiq bemor imtiyozli tibbiy xizmatlardan foydalanmoqda. Bu ishlar “Vaqf” xayriya jamoat fondi ko‘magida amalga oshirilmoqda. Yaqin vaqtlarda yana 30 nafardan ortiq bemorni imtiyozli asosda davolash rejalashtirilgan.
Markazda xalqaro hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 2025-yilda muassasaning Yaponiya grantini qo‘lga kiritishi tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va zamonaviy imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Sohada fidokorona mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlarining xizmatlari ham munosib e’tirof etilmoqda. Uch nafar tibbiyot xodimi aholi salomatligini muhofaza qilishga qo‘shgan hissasi va ko‘p yillik samarali mehnati uchun «O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA