Farg‘onada kardiologiya xizmati yangi bosqichda
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy -amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona viloyati mintaqaviy filialining yangi barpo etilgan maslahat poliklinikasi foydalanishga topshirildi.
Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash borasidagi ishlar o‘z samarasini bermoqda. Xususan, bugungi kunda kardiologiya xizmati sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilib, hududlarda ham malakali shifokorlar tomonidan murakkab jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda.
Farg‘ona viloyatida aholi o‘rtasida yurak qon-tomir kasalliklarni erta aniqlash maqsadida 40 yoshdan oshgan aholi qatlami orasida yurak qon-tomir kasalliklarini erta aniqlash bo‘yicha skrining amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Birgina 2024 yilning o‘zida 1 milliondan ortiq fuqarolar skrining tadbirlari bilan qamrab olinib ular orasidan 88 mingdan ziyodida yurak qon-tomir kasalliklari ilk bor aniqlandi va sog‘lomlashtirish choralari ko‘rildi.
[gallery-21560]
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona viloyati mintaqaviy filialida intervension kardiologiya va kardiojarrohlik bo‘limlari faoliyati tashkil etildi.Yangi bino qurilib, muassasaga 9 milliard so‘m mablag‘ evaziga eng zamonaviy angiograf apparati olib kelib o‘rnatildi. Shuningdek, kardiojarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan boshqa apparatlar ham olib kelib o‘rnatildi.
-Markazimizda 2024 yilda 3000 dan ortiq yuqori texnologik amaliyotlar yo‘lga qo‘yildi, -deydi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona viloyati mintaqaviy filiali bosh vrachi Kamoliddin Rahmonov. -Natijada yiliga 540 nafar ochiq turdagi kardiojarrohlik amaliyotiga muhtoj bemorlarni respublika markazlariga yuborilmay, viloyatning o‘zida amalga oshirildi.
Yangi barpo etilgan maslahat poliklinikasi ham ana shu ishlarning uzviy davomidir.
Tantanali ochilish marosimida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari, shifokorlar, soha vakillari, keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Viloyat hokimi o‘rinbosari Sherzodjon Polvonov mamlakatimizda tibbiyot sohasida islohotlar, kardiologiya xizmatiga bo‘lgan e’tiborning zamirida inson salomatligini mustahkamlashdek zalvorli vazifa turganligini ta’kidladi.
Zamonavi uch qavatli poliklinika binosining qurilishi uchun qariyb 8 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi. 200 qatnov quvvati hamda barcha sharoitlarga ega maskan xalqimizga xizmat qilishni boshladi.
Ramziy lenta qirqilgach, tadbir ishtirokchilari poliklinikada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
M.Sulaymonov, M.Qodirov olgan suratlar