Farg‘onada kadastr xodimlari yangi binoda ish boshladi
Farg‘ona viloyatida yer hisobini yuritish hamda ko‘chmas mulk ob’ektlarini kadastr hisobiga olishning “mahallabay” tizimi joriy etilib, joriy yilda 837 mingdan ortiq ko‘chmas mulk ob’ektlari yalpi xatlovdan o‘tkazildi.
Natijada viloyatdagi 1041 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 34 ming 135 ta kadastr bazasida bo‘lmagan yangi ko‘chmas mulk ob’ektlari aniqlandi va Kadastr agentligining ma’lumotlar bazasiga kiritildi. Shuningdek, 11 ming 130 ta ko‘chmas mulk ob’ektlarining kadastr qiymati qayta ko‘rib chiqildi. Soliq idoralari bilan olib borilgan tahlil natijasiga ko‘ra byudjetga qo‘shimcha 8 milliard so‘m – 5 milliard yer hamda 3 milliard so‘m mol-mulk solig‘i bazasi aniqlanishiga erishildi.
- Yangi yil bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan zamonaviy bino faoliyatimiz samaradorligini yanada yaxshilashga xizmat qiladi,-deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i Nodirjon Mashrabov. – Bu soha xodimlari uchun chinakam bayram tuhfasi bo‘ldi.



M. Sulaymonov, O‘zA