Farg‘onada bir guruh energetiklarga esdalik nishoni topshirildi
Yurtimizning barcha shahar va qishloqlarida har birimiz uchun eng ulug‘, eng aziz bo‘lgan tarixiy sana – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi yangi mehnat marralari, ko‘ngillarda bir olam shodlik va ulkan orzu-umidlar bilan kutib olinyapti.
Turli sohalarda fidokorona ishlab, Vatan ravnaqi, el-yurt farovonligini oshirish yo‘lida tashabbus ko‘rsatayotgan bir yurtdoshlarimizga "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi" esdalik nishonlari tantanali tarzda topshirildi.
Ular orasida “Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatida samarali mehnat qilib kelayotgan 40 nafardan ortiq energetiklar ham bor.
Jamiyat tomonidan “Asia Fergana” tantanalar saroyida mukofot sohiblarini tantanali taqdirlash marosimi tashkil etildi.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshidbek Ahmedov so‘zga chiqib, bugungi kunda viloyatda elektr-energiya ta’minotini yaxshilash, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Bunda tizim xodimlarining xizmati katta ekanligi ta’kidlandi.
Bir guruh ishchi-xodimlarga “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Jamiyat bosh direktori Azizbek Saydaliyev esdalik nishoni bilan taqdirlangan ishchi–xodimlarni qutlar ekan ularga uzoq umr va kelgusi samarali ish faoliyatlariga zafarlar tiladi.
Tadbir ishtirokchilariga bayramona dasturxon yozilib, yana bir bor hurmat ehtirom ko‘rsatildi.
M.Sulaymonov, O‘zA