Farg‘onada bayram shukuhi: taraqqiyot va yangi marralar tantanasi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan viloyat bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tantanada viloyat faollari, shahar va tumanlardan kelgan keng jamoatchilik vakillari – nuroniylar, mehnat ilg‘orlari, tadbirkorlar va yoshlar, shuningdek, Tojikistonning So‘g‘d va Qirg‘izistonning Botken viloyatidan tashrif buyurgan mehmonlar ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov yig‘ilganlarni mustaqillik bayrami bilan qutlab, tantanalarning Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan bog‘liq majmuada o‘tkazilayotgani chuqur ramziy ma’no kasb etishini ta’kidladi. Qayd etilganidek, buyuk alloma merosi ilm, adolat va ma’rifat kabi yuksak qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan bo‘lib, ushbu maskanda bayramni nishonlash milliy meros va Yangi O‘zbekiston g‘oyalari uyg‘unligining yorqin ifodasidir.
[gallery-31175]
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar Farg‘ona viloyati taraqqiyotida ham muhim natijalar bermoqda. Viloyat iqtisodiyoti barqaror o‘sib, xorijiy investitsiyalar hajmi, eksport ko‘rsatkichlari va kichik biznes sub’ektlari soni sezilarli oshdi. Qishloq xo‘jaligida zamonaviy agrotexnologiyalar va suv tejovchi usullar keng joriy etilmoqda, turizm sohasida esa sayyohlar oqimi va xizmatlar eksporti izchil o‘sib bormoqda.
Tadbirda Prezidentimizning Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda belgilab bergan ustuvor vazifalari, jumladan, inson qadri va xalq farovonligini ta’minlashga qaratilgan yettita milliy dastur doirasida viloyatda amalga oshiriladigan ishlar xususida ham so‘z yuritildi.
Shuningdek, Farg‘onada futbolni rivojlantirish, sohada shaffof tizimni qaror toptirish va yoshlar tayyorgarligini yanada kuchaytirish borasidagi ishlar e’tirof etildi. Xususan, “Neftchi” futbol klubining mamlakat va xalqaro maydonlardagi yutuqlari qayd qilinib, viloyatni yurtimizning futbol markazlaridan biriga aylantirish yo‘lidagi ishlar davom ettirilishi ta’kidlandi.
Bayram tadbiri teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari va konsert dasturi bilan davom etdi. El suygan san’atkorlar va yosh ijrochilar ijrosidagi Vatan, tinchlik va ezgulikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar bayram ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Tantanali tadbir yorqin mushakbozlik bilan yakunlandi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA