Farg‘onada 849 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi
Farg‘ona viloyatida joriy yilda 16 ta zamonaviy, barcha qulayliklarga ega Davlat xizmatlari markazlari binolari qurilib, foydalanishga topshirildi.Ayni kunlarda Beshariq, Furqat, Quva tumanlarida qurilish olib borilmoqda.
Ayni paytda 19 ta shahar va tuman Davlat xizmatlari markazlari orqali aholiga 140 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Joriy yilning shu davriga nisbatan markazlar tomonidan 849 ming 540 ta xizmat ko‘rsatilgan. Shuningdek, 27 ming 707 ta yangi tadbirkorlik sub’ektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Shundan 18 ming 852 tasini jismoniy shaxslar hamda 8 ming 855 tasini esa yuridik shaxslar tashkil etmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 11 ming 983 ta yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘z faoliyatini tikladi. Shuningdek, 44 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Shu yilning 11 oyida Farg‘ona viloyatida 30 ming 721 ta nikoh qayd etilib, uning 100 ga yaqin chet ellik fuqarolar bilan rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, hisobot davrida viloyatda 86 ming 322 nafar o‘g‘il va qiz bolalar tug‘ilib, ularga to‘liq tug‘ilish guvohnomasi rasmiylashtirib berilgan. O‘z navbatida joriy yilning o‘n bir oyida otalikni belgilash bo‘yicha 4 ming 814 ta harakatlar amalga oshirildi va shundan 131 tasi sud qarorlari asosida rasmiylashtirildi.

— Hozirgi kunga qadar Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi tuman-shahar fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari arxivida saqlanayotgan 6 million 500 mingdan ziyod dalolatnoma yozuvlari to‘liq raqamlashtirilib, «Yagona elektron arxivi» axborot tizimiga kiritildi, — deydi agentlikning Farg‘ona viloyat boshqarmasi boshlig‘i Ra’no Boyqo‘ziyeva. — Bu arxiv hujjatlaridan ma’lumotnomalar berish muddatini 15 ish kunidan sanoqli daqiqalargacha qisqartirish imkonini beradi.
Bu haqda boshqarma tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA