Farg‘onada 7,2 million dollarlik loyiha ishga tushdi
Farg‘ona viloyatida tadbirkorlar tomonidan yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish borasida muayyan ishlar olib borilmoqda.
Farg‘ona shahridagi "Fibra kabel" mas’uliyati cheklangan jamiyatida bolalar o‘yinchoqlari va avtomobil ehtiyot qismlari tayyorlanmoqda.
Umumiy loyiha qiymati 7,2 million AQSH dollari bo‘lgan mazkur korxona tadbirkor Alisher G‘ofurovning o‘z mablag‘lari hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy kredit hisobiga tashkil etildi.
Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – davlatimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida korxona ish boshladi. Ochilish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi va korxona jamoasini yaqinlashayotgan Mustaqillik bayrami bilan qutladi. Eng faol xodimlarga viloyat hokimligining sovg‘alari topshirildi.
[gallery-3535]
Loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushishi natijasida endi korxonada 45 turdagi bolalar o‘yinchoqlari bilan birga mamlakatimizda ishlab chiqariladigan 7 ta rusumdagi avtomobillarga metaldan 50 dan ortiq turdagi ehtiyot qismlar, kapot va qanotlar ishlab chiqariladi. bugungi kunda 300 nafar ishchi va xodimlar faoliyat ko‘rsatmoqda, shundan 250 nafari yoshlar.
– Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan yuzma- yuz uchrashgani bizlarga katta kuch bo‘ldi, – deydi tadbirkor Alisher G‘ofurov. –Muammolarimiz ochiq aytildi, yanada ko‘plab imtiyozlar taqdim etiladigan bo‘ldi. Albatta, bu katta ishonch, mas’uliyat. Yanada ko‘proq ishlashimizga motivatsiya bo‘ldi, desam adashmayman. Korxonamiz bu bilan to‘xtab qolmaydi, yangi loyihalar ustida ish olib boramiz.
Jamiyat tomonidan yiliga 7,8 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va MDH davlatlariga eksport qilinadi.
M. Sulaymonov, M. Qodirov(surat), O‘zA