Farg‘onada 39,6 milliard so‘mlik loyiha ishga tushdi
“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi hududida gips va gipsokartonli qoplamalar ishlab chiqaruvchi “Karona gips” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish boshladi.
Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lganidek, Farg‘ona viloyatida ham qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish borasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga muhim e’tibor qaratilmoqda. Chunki bugungi kunda ichki va tashqi bozorda sifatli va raqobatbardosh bu kabi mahsulotlarga talab katta. Uchko‘prik tumanidagi mazkur korxonaning foydalanishga topshirilishi mahalliy xom ashyo asosida yuqori sifatli quruq qorishmali qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish imkonini yaratdi.
[gallery-4576]
Korxonaning ochilish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov so‘zga chiqib mamlakatimizda biznes yuritish muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlikka keng erkinlik berish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritdi. Xalqning turmush darajasini ko‘tarish, farovonligini oshirishda tadbirkorlar asosiy tayanch ekanini ta’kidladi.
Loyiha qiymati 39,6 milliard so‘m bo‘lgan ushbu jamiyatda Uchko‘prik tumani va unga yaqin hududlarda yashovchi yoshlar uchun 100 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Korxonaning yillik mahsulot ishlab chiqarish quvvati 2,4 million metr kvadrat bo‘lib yillik eksport hajmi 1,4 million AQSH dollariga teng bo‘lishi rejalashtirilgan.
M. Sulaymonov,
M. Qodirov (surat), O‘zA