Farg‘ona viloyati xalqaro “Barqaror” reytingiga ega bo‘ldi
Munosabat
Bugungi global iqtisodiy jarayonlarda hududlarning investitsion jozibadorligi, moliyaviy barqarorligi va iqtisodiy salohiyati xalqaro reytinglar orqali baholanmoqda. Bu esa mamlakat va hududlar uchun nafaqat iqtisodiy, balki strategik ahamiyatga ham ega. Keyingi yillarda mamlakatimizda Prezident rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar hududlarning imkoniyatlarini yuzaga chiqarish, investitsiya muhitini yaxshilash va xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ana shu islohotlarning amaliy natijasi sifatida Farg‘ona viloyatining xalqaro “Fitch Ratings” agentligi tomonidan “BB-” darajasidagi “Barqaror” istiqbolli reyting bilan baholanishi muhim voqealardan biri bo‘ldi.
Mazkur reyting oddiy statistik ko‘rsatkich emas. U hududning iqtisodiy qudrati, moliyaviy intizomi, investitsion jozibadorligi hamda kelgusidagi barqaror rivojlanish imkoniyatlariga berilgan xalqaro ishonch ifodasidir. Ayniqsa, bu kabi e’tiroflar xorijiy investorlar uchun hududning ishonchli iqtisodiy hamkor sifatida shakllanayotganini anglatadi.

So‘nggi yillarda Farg‘ona viloyatida sanoat, tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Xususan, yalpi hududiy mahsulot hajmining 8,1 foizga o‘sgani, sanoat ishlab chiqarishining 7,3 foizga ortgani iqtisodiyotning real sektorlarida barqaror o‘sish kuzatilayotganini ko‘rsatadi. Qurilish sohasidagi 17,5 foizlik o‘sish esa hududda keng ko‘lamli infratuzilma va bunyodkorlik ishlari jadal davom etayotganidan dalolat beradi.
Bugun viloyatda yangi sanoat korxonalari, zamonaviy turar joylar, xizmat ko‘rsatish majmualari barpo etilmoqda. Bu esa nafaqat iqtisodiy faollikni oshirmoqda, balki aholi bandligi va farovonligini ta’minlashda ham muhim omil bo‘lib xizmat qilyapti.
Ayniqsa, eksport hajmining qariyb 30 foizga oshgani Farg‘onaning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligi tobora mustahkamlanayotganini anglatadi. Viloyatda ishlab chiqarilayotgan sanoat va kimyo mahsulotlarining xalqaro bozorlarda xaridor topayotgani hududning eksport salohiyati ortib borayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
“Barqaror” istiqbolning berilishi kelgusi yillarda ham ijobiy iqtisodiy tendensiyalar saqlanib qolishi kutilayotganini anglatadi. Bu esa investorlar uchun eng muhim mezonlardan biri hisoblanadi. Zero, xalqaro biznes vakillari birinchi navbatda iqtisodiy barqarorlik, moliyaviy intizom va xavfsiz investitsion muhitga e’tibor qaratadi.
Hozirgi kunda viloyatda 37 mingdan ortiq korxona va tashkilot faoliyat yuritayotgani tadbirkorlik muhiti tobora yaxshilanayotganini ko‘rsatadi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, sanoat zonalarini kengaytirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar hududning uzoq muddatli iqtisodiy barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, xalqaro reytingning mavjudligi xorijiy investitsiyalar oqimini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish va yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa o‘z navbatida aholi turmush darajasi va ijtimoiy farovonlikning yanada oshishiga xizmat qiladi.
Farg‘ona viloyatining xalqaro moliyaviy maydonda e’tirof etilishi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy siyosatning amaliy natijasi sifatida baholanmoqda. Eng muhimi, bu yutuq hududlarni kompleks rivojlantirish, investitsion muhitni yaxshilash va O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiy maydondagi nufuzini mustahkamlash borasidagi islohotlar to‘g‘ri yo‘lda ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Darhaqiqat, “Barqaror” reyting – bu shunchaki moliyaviy baho emas. U ertangi taraqqiyotga, iqtisodiy barqarorlikka va xalq farovonligiga berilgan xalqaro ishonch timsolidir.
Zilola Salimjonova,
Farg‘ona davlat universiteti
o‘qituvchisi.
O‘zA