Farg‘ona – So‘g‘d: O‘zaro manfaatli aloqalar mustahkamlanmoqda
FOTOREPORTAJ
“O‘zbek va tojiklar ikki tilda so‘zlovchi bir xalq. Azaldan do‘st-birodar, quda-anda bo‘lib hayot kechirgan. Urf-odatlari, an’analari, yashash tarzi o‘xshash, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan munosabatlar mavjud”. Bunday samimiy fikrlar Tojikiston Respublikasining Xo‘jand shahrida Farg‘ona va So‘g‘d viloyatlari rasmiylari, turizm agentliklari vakillari, jurnalistlar va blogerlar ishtirokida o‘tkazilgan Sayyohlik biznes forumi va press-tur jarayonlarida ko‘p bor tilga olindi.
Xo‘janddagi “Sug‘diyon” mehmonxonasining konferens-zalida bo‘lib o‘tgan biznes forumning ochilish tadbirida So‘g‘d viloyati raisi o‘rinbosari Anvar Ya’kubi va Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshid Ahmedov alohida ta’kidlaganidek, ikki davlat rahbarlari keyingi yillarda bir necha bor rasmiy va do‘stona uchrashib, o‘zaro munosabatlar maqomini keng qamrovli strategik sheriklik bosqichiga ko‘tardi. Qardosh xalqlar manfaatiga xizmat qiladigan qator memorandumlar imzolandi. Bunday amaliy harakatlarning barchasi, shu jumladan, ichki va tashqi turizmni rivojlantirish imkoniyatlarining paydo bo‘lgani Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan davlatlarning iqtisodiy taraqqiyotiga, aholi turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Farg‘ona va So‘g‘d viloyatlarining sayyohlik salohiyati va imkoniyatlari yuzasidan “Zarafshon” turizmini rivojlantirish assotsiatsiyasi” jamoatchilik tashkiloti direktori J. Yusupov va Farg‘ona viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi mutaxassisi B. Jo‘rayev “Tojikiston turizmi salohiyati va hamkorlik imkoniyatlari”, “Farg‘ona viloyati – O‘zbekiston gavhari” mavzularida taqdimot o‘tkazdi.
[gallery-8614]
– Go‘zal vodiy markazida joylashgan Farg‘ona viloyati turizm sohasida yuksak salohiyat, zamonaviy infratuzilmaga ega, - dedi Farg‘ona viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi mutaxassisi B. Jo‘rayev. –Avvalo, betakror tabiati, tabiiy ne’matlari, tarixiy obidalari, muqaddas qadamjolari, qolaversa, mehnatkash va mehmondo‘st xalqi yaratayotgan san’at darajasidagi milliy hunarmandchilik mahsulotlari har qanday sayyohni o‘ziga jalb qila oladi. Xushmanzara maskanda joylashgan muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, tarixiy obidalar farg‘onaliklarning o‘tmishi, bugungi yorqin kelajagidan darak beradi. Shuningdek, ekoturizm, qishloq turizmi, sport turizmi, agroturizm, tibbiyot turizmini rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Viloyatda zamonaviy mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari qurilmoqda. Bular turizm salohiyatini yanada yuksaltiryapti. bugungi kunda viloyatda 370 dan ziyod milliy meros ob’ektlari mavjud. Sayyohlik iqtisodiyot tarmoqlarining yetakchi bo‘g‘inlaridan biriga aylanib bormoqda.
Tadbirda shuningdek, Tojikiston turizm va tadbirkorlik xalqaro universitetining So‘g‘d viloyati filiali dekani S. Rahimovning “Tojikiston turizmini rivojlantirishning asoslari: bugungi holat va rivojlantirish istiqbollari” mavzuidagi ma’ruzasi tinglandi. Soha vakillari o‘zaro hamkorlik aloqalarini izchil yo‘lga qo‘yish va uni rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdi, jurnalistlar va blogerlarni qiziqtirgan savollariga batafsil javob berildi.
– Viloyatimizda 93 ta turistik ob’ekt mavjud bo‘lib, ular qadimiy ziyoratgohlar, dam olish maskanlari va tarixiy muzeylardir, - deydi So‘g‘d viloyati davlat hokimiyati ijroiya maqomati sayyohlikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i A. Rahimov. – Birgina joriy yilning olti oyi davomida 50 mingdan ortiq o‘zbekistonlik turist sifatida mazkur joylarga tashrif buyurdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30 foizga ko‘pdir. Ishonchim komil, biznes forum doirasidagi kelishuvlar sayyohlar oqimini yanada ko‘paytiradi.
So‘g‘d viloyati tarixi muzeyida ikki viloyat turistik agentliklari o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash, birgalikda sohani rivojlantirishga ko‘maklashish, qo‘shma ko‘rgazmalar, konferensiyalar tashkil etish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.
– Farg‘ona viloyatida faoliyat olib borayotgan “Vodiy sayyoh” turistik agentligi bilan uzoq yilga mo‘ljallangan kelishuvga erishdik, - deydi “Qal’ai Xo‘jand” majmuasi direktori I. Ibrohimov. – Bu kelishuv zaminida darvozalarimizning ochiqligi, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining qayta tiklangani yotadi. Biz o‘zbekistonlik sayyohlarga majmuada maroqli dam olishni, hududdagi Kamoliddin Xo‘jandiy nomli istirohat bog‘i, buyuk allomaning ramziy maqbarasi va uy muzeyi, qadimiy qal’a, davlat tarixiy muzeyi, osmako‘prik, arxeologik yodgorliklar bilan tanishib, ma’naviy ozuq olishni taklif qilyapmiz. Shubhasiz, ko‘hna Xo‘jandni ziyorat qilish asnosida ular buyuk ajdodlarimiz bugungi avlodlarga boy madaniy meros qoldirib ketganiga guvoh bo‘ladi. Zero, o‘zbek va tojik xalqlarining o‘tmishi bir.
O‘zA fotomuxbiri
Muqimjon QODIROV olgan suratlar.