Fargʻonada goʻsht 42 ming soʻm
Koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq murakkab vaziyat, bu yoqda esa qish fasli eshik qoqib turibdi.
Koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq murakkab vaziyat, bu yoqda esa qish fasli eshik qoqib turibdi. Ana shunday holatda aholining oziq-ovqat taʼminoti bilan bogʻliq tashvishi ortishi tabiiy, albatta.
Bu borada Prezidentimiz raisligida joriy yil 16-oktyabr kuni oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan muhim vazifalar aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Avval xabar berganimizdek, xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida mazkur videoselektor yigʻilishidagi vazifalar muhokama etildi.
Sessiyada Fargʻona viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Xayrullo Bozorov va sektor rahbarlari oʻz hududida yaratilgan tizim, bozorlardagi shart-sharoit va narx-navo boʻyicha hisobot berdi.
Taʼkidlanishicha, hududda goʻsht narxi oshishining asosiy sababi yem-xashak yetishmovchiligi va ayrim tadbirkorlar tomonidan mahsulotning koʻp qismi poytaxtga joʻnatilayotganidadir.
Tabiiyki, yem-xashak yetishtirish uchun yer maydoni kerak. Yer esa chegaralangan. Soʻnggi yillarda viloyat yerlarining maʼlum qismi paxta va gʻalladan qisqartirildi. Bu esa chorva ozuqasi yetishtirish hajmini koʻpaytirish uchun qoʻl keladi. Bundan tashqari, viloyatda qarovsiz yerlar ham oʻzlashtirilmoqda.
Chorvachilik va parrandachilik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan tadbirkorlar uchun barcha sharoitlar yaratib beriladi va bu yoʻnalishdagi loyihalar ikki barobar oshiriladi. Birgina chorvachilik yoʻnalishi boʻyicha 45 ta yangi loyiha ishga tushiriladi. Mahalliy chorvachilikdan tashqari investorlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, Belarus Respublikasidan muzlatilgan mol goʻshti olib kelinadi.
– Bir yildan buyon Toshkent shahriga Belarus Respublikasidan muzlatilgan goʻsht olib kelamiz, – dedi “Mirko” xorijiy korxonasining ijrochi direktori Nodirbek Xoltojiyev. – Joriy yil avgust oyidan bugungacha “halol” sertifikatiga ega 40 tonna muzlatilgan goʻsht olib keldik. Shu kungacha mazkur mahsulotni isteʼmolchilar 44 mingdan 46 ming soʻmgacha xarid qilishmoqda. Bu 15 foizli qoʻshilgan qiymat soligʻi, korxonamizning xarajatlari bilan hisoblaganda. Mahsulotni asosan goʻsht doʻkonlari, kafe va restoranlar, goʻsht mahsulotlarini ishlab chiqaradigan korxonalar sotib olmoqda. Davlatimiz rahbarining topshirigʻi bilan tadbirkorlarga yengillik berish maqsadida qoʻshilgan qiymat soligʻi vaqtincha olinmaydigan boʻldi. Buning natijada isteʼmolchilar mahsulotni 41 mingdan 42 ming soʻmgacha xarid qilishi mumkin.
Koʻpchilik goʻsht narxi nega arzon deb soʻraydi? Narx past degani goʻshtning sifati yomon degani emas. Sababi biz Belarus Respublikasining goʻsht kombinati bilan katta miqdorda shartnoma tuzganmiz. Ular bizga kelishilgan narxda muzlatilgan goʻsht yetkazib beradi. Aholi soniga nisbatan oladigan boʻlsak, ularda goʻsht isteʼmoli bizga nisbatan kamligi ham narxning pastligiga xizmat qiladi. Fargʻona viloyati hokimining taklifi bilan hududga har oyda 150-200 tonnagacha muzlatilgan goʻsht yetkazib berishni rejalashtiryapmiz.
Viloyatda aholiga xavfsiz va arzon oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish choralari koʻrilmoqda. Jumladan, yirik ishlab chiqarish korxonalari oʻz xodimlariga 3 oyga yetadigan oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib beradi. Davlat tashkilotlarida ishlovchi xodimlar uchun arzonlashtirilgan yarmarkalar tashkil etiladi. Har bir mahallada “Ekobozor” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Bir soʻz bilan aytganda, viloyatda 8 turdagi oziq-ovqat mahsulotining narxlari barqarorligi taʼminlanadi. Buning uchun hokimlikning alohida jamgʻarmasi tashkil etilib, shahar va tumanlar atroflarida ulgurji taqsimlash, saralash markazlari tashkil etiladi. Bozorda ana shu 8 turdagi mahsulot narxi koʻtarilsa, mazkur markaz mahsulotlari orqali narx tushiriladi. Bundan tashqari, ushbu markaz mahsulotlari ijtimoiy himoyaga muhtoj (nochor) oilalarga bepul beriladi.
Viloyatda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar oʻz faoliyatini yana-da kengaytirish va bu orqali oziq-ovqat mahsulotlari tan narxining barqarorligini taʼminlashga bel bogʻlagan. Jumladan, Qoʻshtepa tumanining Istiqlol mahallasida 1995-yilda tashkil etilgan “Shukur Davlat” koʻp tarmoqli xususiy fermasi tomonidan qiymati 11,7 milliard soʻmni tashkil etuvchi 1000 bosh qoramolga moʻljallangan “Chorvachilik kompleksi hamda sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash” loyihasi amalga oshirildi. Loyiha uchun tadbirkorning 1,5 milliard soʻm mablagʻi va 700 ming AQSH dollari miqdorida xorijiy kredit yoʻnaltirildi. Qurilish ishlari 2018-yilning ikkinchi choragida boshlangan. Loyiha ishga tushirilgandan soʻng 100 ta doimiy hamda ekin va yigʻim-terim ishlari uchun yana 100 dan ortiq mavsumiy ish oʻrni yaratiladi.
– Ota-bobolarimiz chorvachilik bilan shugʻullangan, – dedi korxona taʼsischilaridan biri Davlatjon Saydaliyev. – Mazkur korxonani uzoq yillar davomida otam boshqardi. Keyin akam bilan bu ishni davom ettirdik. Yozda Estoniya davlatidagi taʼminotchi xamkorlar tomonidan qiymati 623,7 ming yevroga teng boʻlgan 297 bosh naslli qoramol yetkazib berildi. Hozirgi kunda korxonamizda Germaniya, Avstriya, Estoniyadan keltirilgan jami 1 ming 200 boshga yaqin naslli mol boqilmoqda. Chorvachilikda eng katta muammo yem-xashak yetkazib berishdir. Dastlab ozuqa yetishtirish uchun 150 gektar yer bor edi. Tuman hokimligi tomonidan yana 400 gektar yer ajratib berildi.
Bitta naslli mol kuniga 15 litrdan 30 litrgacha sut beradi. Korxonada kuniga 15 tonnaga yaqin sut qayta ishlanadi va 15 dan ortiq sut mahsuloti tayyorlanadi. Mahsulotlar faqat mahalliy aholiga yetkazib beriladi. Bundan tashqari, korxona goʻsht yetishtirishga ham ixtisoslashgan boʻlib, har bir naslli mol 1 tonnaga yetguncha boqiladi. Oyiga 40-50 tonna goʻsht isteʼmolchilarga yetkazib beriladi.
Korxonaga Germaniyaning “Mondelez International” hamda Turkiyaning “Cezar” kompaniyalaridan sut sogʻish uskunalari va boshqa zarur qurilmalar olib kelinishi boʻyicha shartnomalar tuzilgan. Ushbu uskunalar joriy yilning dekabr oyigacha olib kelinishi, shundan soʻng birinchi yil ferma mahsulotlarining 10-20 foizi, keyingi yillarda esa 30-40 foizgacha qismi qoʻshni davlatlarga eksport qilinishi rejalashtirilgan.
Markaziy Fargʻona choʻlining qoq markazi bir vaqtlar qamishzor va qarovsiz yer boʻlgan. Toʻrt yildan buyon bu yerda sunʼiy koʻllar hosil qilinib, baliq yetishtirilmoqda. 2017-yil Oltiariq tumanidagi “Fargʻona baliq sanoat” MCHJ tomonidan 2 ming tonna sigʻimli muzlatkich omborxona tashkil etilgan. Natijada viloyatda baliq mahsulotlari arzon boʻlishi taʼminlangan. Xususan, bu yerda baliq 8 mingdan 13 ming soʻmgacha (sazan) sotilmoqda.
– Asosan qishloq xoʻjaligi, baliqchilik, bogʻdorchilik bilan shugʻullanamiz, – dedi “Fargʻona baliq sanoat” MCHJ rahbari Mirzarasul Mamatov. – Umumiy yer maydonimiz 150 gektar. Korxona tomonidan 2020-2021-yillarda baliq yetishtirish va baliqni qayta ishlash investitsiya loyihasi ishlab chiqilgan. Loyiha qiymati 32 milliard 600 million soʻm. 30 ta yangi ish oʻrni yaratilishi belgilangan. Hozirgi kunda loyihaning birinchi bosqichi amalga oshirilib, 100 gektar yer maydonida 20 ta baliq koʻli tashkil etilgan. Ushbu koʻllarda hozirgi kunda baliqning sazan, amur, oq-baliq, asyotir, tolstolob kabi turlari yetishtirilmoqda. Baliq ozuqasini oʻzimiz ishlab chiqaramiz. Baliqni qayta ishlash boʻyicha Xitoy davlatidan uskunalar olib kelinib, ayni paytda oʻrnatilmoqda. Joriy yilning oxirigacha 500 tonna, keyingi yilda 1000 tonna baliq yetishtirishni rejalashtiryapmiz.