“Faol tadbirkor” yirik korxona ochdi
Davlatimiz rahbarining “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmoyishiga asosan mukofotlanganlar orasida buxorolik tashabbuskor tadbirkor, Xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashi deputati Nodir Hamdamov ham bor.
Tadbirkor davlatimiz rahbarining bunday yuksak e’tiboriga nafaqat viloyat oziq-ovqat sanoati rivojiga hissa qo‘shadigan, balki yangi ish o‘rinlari orqali aholi xonadonlariga ham daromad olib kiradigan yirik korxonani ochish bilan javob qaytardi.

–Har biri 50 kilogramga teng bo‘lgan, rangli qoplarda qadoqlab chiqarilayotgan “Volidam”, “Nur”, “Parvona” brendiga mansub birinchi navli unimiz allaqachon o‘z xaridorlarini topdi, –deydi “Akbarjon Barakat” MCHJ rahbari Amirbek Bozorov. –Mazkur loyihaga kelsak, bir necha yil burun Kogon shahrining Xo‘ja bargi ko‘chasi yoqasida, bo‘sh yotgan yerdan 5,9 gektarini o‘z tasarrufimizga olib, qurilishni boshlaganmiz. Buning uchun bizni “Qishloqqurilishbank” viloyat filiali 2 million AQSH dollaridan ziyod imtiyozli kredit mablag‘i bilan qo‘llab-quvvatlagan. Bu sarmoyaga bug‘doyni qabul qilish tarozixonasi, qayta ishlash sexi, omborxona qo‘shimcha sexlarni qurib bitirib, zarur uskuna va dastgohlar bilan jihozladik. Ishlab chiqarish quvvatini oshirganimiz hisobidan ishchi sonini ko‘paytirib, 70 nafarga yetkazdik. Ular kuchi bilan kuniga 120 tonna sara bug‘doyni qabul qilib, qayta ishlayapmiz. Bu degani, kuniga 75-80 tonna atrofida birinchi va ikkinchi navli unni qadoqlab sotuvga chiqarayotgan bo‘lsak, ikkilamchi mahsulot sifatida kepak, yana bug‘doy qipig‘idan mahallaiy chorvadorlar, mayda shoxli mol boqadigan xo‘jaliklar uchun ozuqa birligini tayyorlab yetkazib bermoqdamiz.

Mahsulotning xaridorgirligi – ishlab chiqarishga yo‘naltirilayotgan xomashyoning saraligi va ta’minotida, albatta. “Akbarjon Barakat” MCHJ viloyatdagi agroklasterlarda yetishtirilgan mahalliy bug‘doy hosilini birja savdolari orqali xarid qilishi barobarida qo‘shni Qozog‘iston Respublikasidan yuqori sifatli bug‘doy olishni yo‘lga qo‘ygan. Mahsulot hajmi oshirilayotgani bilan birga un kombinati yuqori unumli zamonaviy texnologiya ta’minotida Turkiya davlatining “Gimach” kompaniyasi bilan o‘zaro teng manfaatli yaqin hamkorlik o‘rnatgan. Turkiyalik mutaxassislar tomonidan 7 million AQSH dollariga teng biznes loyiha amaliyoti ustida ish olib borilib, yarimavtomatlashtirilgan tizimda ishlovchi tegirmon va ilg‘or dastgohlar o‘rnatildi.

Kombinatda ikkilamchi mahsulot sifatida chorva ozuqasiga talab va ehtiyoj oshib borayotganini inobatga olgan holda ishlab chiqariladigan bug‘doy qipig‘i va kepak hajmini kuniga 125 tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bu ozuqa nafaqat qo‘y-echkichilik xo‘jaliklari, balki baliqchilik, parrandachilik, quyonchilik va boshqa tarmoqlarda ham juda asqatadi.

Loyihaning ishga tushirilishi orqali viloyatning eksport ko‘rsatkichlari uchun qo‘shimcha 3 million dollarlik zaxira bazasi yaratilib, 1,5 milliard so‘mlik byudjetga qo‘shimcha tushumlar tushishi ta’minlanadi.
Yig‘ilganlar korxonada ishchi-xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishdi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov ishtirok etdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri